Farg‘ona Yangi O‘zbekistonga mos qiyofaga kirmoqda (+video)
Viloyatdagi shahar tumanlarda bitta ko‘p qavatli uy 2-3 yilda qurilgani hali yodimizda. Ammo so‘nggi yillarda O‘zbekiston, jumladan Farg‘ona viloyati ulkan qurilish maydoniga aylandi. E’tiborlisi shundaki, endi avvalgidek shahar markazlarida emas, balki eng chet tuman, qishloqlarda ham osmono‘par binolar qad ko‘taryapti.
– Yurtboshimizning aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari asosida Farg‘ona viloyatida 834 ta obyekt qurilishi, 3,5 trillion so‘mlik ish bajarilishi rejalashtirilgan, – deydi Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Behzod Rahimov. – O‘tgan 6 oyning o‘zida 1,9 trillion so‘mlik ishlar amalga oshirildi.

Buni qarangki, Farg‘ona viloyatining o‘zida bir yilda 834 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilyapti. 6 oyda salkam 2 trillion so‘mlik qurilish montaj ishlari amalga oshirilgan. Shu raqamlarning o‘ziyoq uy-joy qurilishi va qurilish materiallari ishlab chiqarish Farg‘ona viloyatining drayverlaridan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda.
Atigi uch yil avval Bag‘dod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 64 ta ko‘p qavatli uy qurilgan edi. Bugun esa bu tashabbus mamlakat bo‘ylab quloch yoydi.

– Farg‘ona viloyatida shu yilning o‘zida 7 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilmoqda, – deydi Behzod Rahimov. –Unga qo‘shimcha Prezident topshirig‘iga ko‘ra Qo‘qon shahridagi 34,2 gektar maydonda renovatsiya asosida 84 ta ko‘p qavatli uylar qurilyapti. Birinchi bosqichning o‘zida ya’ni, 3-chorak yakuni bilan 4300 xonadoni bo‘lgan 56 ta uylarni foydalanishga topshiramiz.
Marg‘ilon shahri aholisining turar joy muammolari yillar davomida yig‘ilib qolgan edi. Davlat rahbarining topshirig‘i bilan Marg‘ilondagi “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi boshlanganiga endi bir yil bo‘lmoqda. Ammo miqyosini qarang. Navro‘z mahallasi hududida qurilayotgan 756 xonadonli 10 ta ko‘p qavatli uy-joylar bitib qoldi. Yana 34 gektar maydonda haligacha o‘xshashi bo‘lmagan Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasi qurilyapti.

– Marg‘ilon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy markazi va turizm ob’ektlari qurilishi jadal davom etmoqda, – deydi boshqarma boshlig‘i. – Bu yerda ilmiy tadqiqot markazi, 50 o‘rinlik fiqhdan saboq beruvchi huquqshunoslik oliy o‘quv yurti, hunarmandchilik va sayyohlik majmuasi, maqom teatri, saylgoh hamda sun’iy ko‘l barpo etilmoqda. Shubhasiz Farg‘onaning iftixori – keyingi 2-3 yilda bunyod etilgan Ekoshahar bo‘lib qoldi. Keng ko‘chalar, go‘zal va ko‘rkam binolar, saylgoh-u bog‘lar, hech qayerdagiga o‘xshamas favvoralar... Qay birini sanaylik?
– Shu yilning o‘zida Eko shahardagi mavjud turar joylar qatorida yana 25 ta uylar qurilishi bitkazilib, foydalanishga topshiriladi, – deydi Behzod Rahimov.

Qolaversa Farg‘onaning barcha shahar va tumanlarida ma’nan eskirgan bir va ikki qavatli uylar o‘rnida renovatsiya dasturi asosida yangi, zamonaviy loyihadagi ko‘p qavatli uylardan tashkil topgan mavzelar paydo bo‘lmoqda. Marg‘ilondagi Guliston mahallasining 80-100 yil avval qurilgan, nurab tushayotgan uylari o‘rnida 7 ta havas qilgulik binolar qad rostladi. Hanifaxon aya Jalilova kechagi kunni shunday eslaydi.
– 2 sotixli eski uyimizda kelinlarim, nabiram, barchamiz – 10 ta jon yashardik. Sharoitlari og‘ir edi.

Bugun ayaning quvonchi cheksiz. Endi, qarigan chog‘ida er-xotin barcha qulayliklarga ega alohida uyda yashayapti. O‘g‘illariga esa ayaga qo‘shni qilib uy berishgan.
– Yangi uyga ko‘chib chiqdik. Bizga 3 ta 2 xonali uy berildi. Sharoitlari yaxshi, – deydi Hanifaxon aya quvonchini yashirolmay.

Bulardan tashqari, investitsiya dasturi asosida qiymati 866 milliard so‘m bo‘lgan 107 ta ob’ekt, jumladan, maktab, bog‘cha, oliy ta’lim, ichimlik va oqova suv inshootlari qurilmoqda. Urbanizatsiya, turizm, yo‘l bo‘yi master rejalarini aytmaysizmi? Xullas, Farg‘ona Yangi O‘zbekistonga mos qiyofaga kirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Y9KWojXUDDI" title="Farg‘onaning yangi dreyveri" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov