Farg‘ona xurmolari dunyoni zabt etmoqda
Farg‘ona viloyatida mevalarning deyarli barcha turlari yetishtiriladi va eksporti doimiy amalga oshiriladi.
Viloyatning tabiati xurmo yetishtirish uchun juda qulay. Kuz kelishi bilan 10 dan ziyod turdagi xurmolar birin ketin pisha boshlaydi. Viloyatning Oltiariq, Quva, Farg‘ona va Beshariq tumanlari xurmo yetishtirishda yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, yangi xurmo bog‘larini yaratish va mavjud bog‘larni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘ngi uch yilda viloyatda xurmo bog‘lari 604 gektardan 28 foizga kengaytirilib, 804 gektarga yetkazildi.
Xurmoga nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham talab katta. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak 2021 yilning o‘tgan davrida qiymati 12 million 453 ming dollarlik 22641 tonna xurmo Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlarga eksport qilingan. Eksportga rasmiylashtirilgan xurmolarning 80 foizi aynan Rossiyaga yuborilgan.
Hozirda viloyatda xurmo eksporti bilan 102 nafar tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari shug‘ullanmoqda. Viloyatda xurmo eksporti sentyabr oyidan boshlanib, erta bahorga qadar davom etadi. Bunda hududlarda tashkil etilayotgan muzlatgichlarda xurmo juda yaxshi saqlanib uning sifati buzilishini oldi olinmoqda hamda uzoqroq saqlanishiga imkon bermoqda. Bu esa uning qancha uzoq saqlanishi uning narxi oshishiga va tadbirkorlarning daromadi ko‘payishiga olib kelmoqda.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlash va eksportni tezkorlik bilan bojxona nazorati hamda rasmiylashtruvidan o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida “Marg‘ilon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining Oltiariq tumanida “Oltiariq” eksportga ko‘maklashish markazi xizmat olib bormoqda. Buning natijasida tadbirkor tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga rasmiylashtirish bo‘yicha qilingan murojaatlari shu joyning o‘zida rasmiylashtirib kelinmoqda.
Bojxona tizimida yo‘lga qo‘yilgan xavfni boshqarish tizimi orqali endilikda 90 foiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari soddalashtirilgan “yashil” va “sariq” yo‘laklarda rasmiylashtirib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlarga oltinga teng bo‘lgan vaqtining tejalishiga va tovarlarning sifatini buzilishini oldini olishga xizmat qilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA