Farg‘ona vodiysi – tinchlik, ishonch va farovonlik makoni
Xo‘jand va Gulistonda II Farg‘ona tinchlik forumi o‘tkazildi.
Farg‘ona vodiysi azaldan nafaqat geografik, balki tarixiy, madaniy va insoniy rishtalari mushtarak bo‘lgan xalqlarni birlashtirib kelgan makon hisoblanadi. Bugun ushbu hududda tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash jarayoni yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu ma’noda Tojikiston Respublikasining Xo‘jand va Guliston shaharlarida «Farg‘ona vodiysi: tinchlik, ishonch va farovonlik makoni» mavzusida II Farg‘ona tinchlik forumining o‘tkazilishi muhim ahamiyat kasb etdi.

28-29-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan forumda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan davlat idoralari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, diplomatik doiralar, tahliliy markazlar, ilmiy jamoatchilik, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari hamda mahalliy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi hamda Sug‘d viloyati hokimligi hamkorligida, Tojikiston Hukumati ko‘magida tashkil etildi.
Forumning Xo‘jand va Gulistonda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Zero, 2025-yil 31-mart kuni aynan Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari ishtirokida muhim tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan, uning yakunida davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida shartnoma hamda abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi imzolangan edi.

Bu hujjatlar Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim siyosiy asos yaratdi.
Forumda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning ishtiroki alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati nafaqat O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati yuqori hududlaridan biri, balki Tojikiston va Qirg‘iziston bilan azaliy iqtisodiy, madaniy va insonlararo aloqalarga ega bo‘lgan chegaraoldi hudud hisoblanadi.
Forumda Farg‘ona vodiysida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlik, turizm, madaniyat va gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining mazkur tadbirdagi ishtiroki hududning mintaqaviy hamkorlik jarayonlaridagi faol o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Forum doirasida Sug‘d viloyati raisi Rajab Ahmadzoda bilan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov o‘rtasida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda ikki hudud o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Sug‘d va Farg‘ona viloyatlari o‘rtasidagi aloqalar sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, yoshlar siyosati, madaniyat va turizm kabi ko‘plab yo‘nalishlarda kengayib bormoqda.
Ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Farg‘ona viloyati bilan Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 400 million AQSH dollaridan oshgan.
Bu raqamlar ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlik oddiy qo‘shnichilik munosabatlaridan amaliy iqtisodiy sheriklik darajasiga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.

Uchrashuvda sanoat va qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kuchaytirish, tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qo‘shma seminar va maslahatlar o‘tkazish, turizmni rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Forum ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Farg‘ona vodiysida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash nafaqat uch davlatning chegaraoldi hududlari, balki butun Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.
Farg‘ona vodiysidagi xalqlarning tarixi, tili, madaniyati, urf-odatlari va insoniy aloqalari bir-biri bilan chambarchas bog‘langan.
Asrlar davomida bu hududda odamlar bir-biri bilan savdo qilgan, quda-anda bo‘lgan, bir-biridan hunar o‘rgangan, madaniy an’analarini boyitgan. Shuning uchun bugungi tinchlik va ishonch siyosati oddiy diplomatik tushuncha emas. U millionlab insonlarning kundalik hayoti, farovonligi va kelajak rejalari bilan bevosita bog‘liq.
Tinchlik bor joyda savdo rivojlanadi, investitsiya keladi, yangi korxonalar ishga tushadi, turizm kengayadi, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

Forumda iqtisodiy hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratilgani ham bejiz emas. Farg‘ona, Sug‘d va Batken hududlarining iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini to‘ldirishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, sanoat kooperatsiyasi, savdo, logistika, turizm, xizmatlar sohasi, ta’lim va innovatsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Farg‘ona va Sug‘d o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining 400 million dollardan oshgani ham bu imkoniyatlarning amaliy natijasidir. Endilikda vazifa — mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish, tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni ko‘paytirish va yangi qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
Yoshlar va xotin-qizlar — yangi mintaqaviy kun tartibida
Forumda yoshlar va xotin-qizlarning tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashdagi o‘rniga ham katta ahamiyat berildi.
Bugungi yoshlar — ertangi mintaqaviy hamkorlikning asosiy ishtirokchilari.
Shu bois ular o‘rtasida ta’lim, sport, madaniyat, tadbirkorlik, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish muhim.
Xotin-qizlarning tadbirkorlik va ijtimoiy hayotdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash ham chegaraoldi hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forumda ommaviy axborot vositalarining roliga e’tibor qaratilishi ham muhim jihatlardan biri bo‘ldi.
Bugun jurnalistika xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda katta kuchga ega.
Jurnalistlar chegaraoldi hududlaridagi oddiy insonlarning hayoti, tadbirkorlarning muvaffaqiyati, qo‘shma korxonalar, madaniy tadbirlar, yoshlar loyihalari va insonlararo aloqalar haqida ko‘proq materiallar tayyorlashi mumkin.
Bunday axborotlar odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, qo‘shni davlat xalqlari haqida xolis tasavvurni shakllantiradi. Shu ma’noda Farg‘ona tinchlik forumi jurnalistlar uchun ham o‘zaro tajriba almashish, kasbiy hamkorlikni kuchaytirish va mintaqaviy axborot makonida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Forumning ikkinchi kuni Birlik kuni nomi ostida davom etgani tadbirning asosiy g‘oyasiga hamohang. Unda jamoatchilik va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surish masalalariga e’tibor qaratildi.
Bu, ayniqsa, chegaraoldi hududlarida yashayotgan aholi uchun muhim. Chunki davlatlararo kelishuvlarning haqiqiy samarasi, avvalo, insonlarning hayotida, ularning erkin harakati, savdo-sotig‘i, madaniy va oilaviy aloqalarida namoyon bo‘ladi.
2025-yil oktabr oyida Farg‘ona shahrida birinchi Farg‘ona tinchlik forumi o‘tkazilgan edi. Unda Farg‘ona, Sug‘d va Batken hududlari rahbarlari, diplomatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va tadbirkorlar ishtirok etgan.
Birinchi forumda Farg‘ona tinchlik forumini doimiy mintaqaviy muloqot maydoniga aylantirish g‘oyasi ilgari surilgan. Bu yilgi tadbirning Tojikistonda o‘tkazilishi mazkur jarayonning mantiqiy davomi bo‘ldi. Forumning Farg‘ona vodiysining turli hududlarida navbatma-navbat o‘tkazilishi ham mintaqadagi barcha tomonlarning muloqotda teng ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadi.
Eng muhimi, bu kabi tadbirlar doirasida bildirilayotgan tashabbuslar amaliyotga ko‘chishi, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik yangi loyihalar bilan boyishi zarur.
Bugun Farg‘ona vodiysi oldida yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Chegaralarning aniq belgilanishi, siyosiy ishonchning mustahkamlanishi, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi va xalqlar o‘rtasidagi azaliy rishtalarning tiklanishi vodiyni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishi mumkin.
Tinchlik – ishonchning, ishonch – hamkorlikning, hamkorlik esa farovonlikning mustahkam poydevoridir.
Xo‘jand va Gulistonda o‘tkazilgan II Farg‘ona tinchlik forumi ana shu haqiqatni yana bir bor namoyon etdi.
Farg‘ona vodiysi xalqlarini birlashtirib turgan tarixiy va insoniy rishtalar bugun zamonaviy hamkorlikning yangi mazmuni bilan boyimoqda. Bu jarayonda Farg‘ona viloyatining faol ishtiroki esa mintaqaviy tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror taraqqiyotga qo‘shilayotgan amaliy hissa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA