Farg‘ona vodiysi nafaqat yurtimiz, balki mintaqa taraqqiyotining yetakchi markazlaridan biriga aylanadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari va zamonaviy loyihalar bilan tanishdi. Bularning barchasi yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichga ko‘tarilgani yaqqol namoyon qildi.
Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova shu haqda munosabat bildirdi:
– Shuni ta’kidlashni istardimki, ushbu o‘zgarishlar markazida, avvalo, inson manfaatlari, aholi farovonligi turibdi.
Yaqinda yo‘lga qo‘yilgan yangi elektropoyezd qatnovi – Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi temir yo‘l halqasining ishga tushirilishi buning yaqqol namunasidir.
Mazkur loyiha aholiga qulay, xavfsiz va arzon transport xizmatini taqdim etish bilan birga, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, chipta narxining hamyonbopligi va zamonaviy qulayliklarning joriy etilgani oddiy fuqarolar uchun katta imkoniyatdir.
Davlatimiz rahbarining ushbu yo‘nalishdagi ilk qatnovda bevosita ishtirok etgani xalq bilan yaqinlik, ochiqlik va islohotlarning amaliy natijalarini joyida ko‘rishga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasidir.
Shu bilan birga, sanoat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga sazovor. Quvasoy shahridagi “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi misolida mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni alohida qayd etish joiz. Zamonaviy texnologiyalar, ekologik talablarga mos ishlab chiqarish va energiya tejamkor yechimlar bugungi sanoat taraqqiyotining asosiy mezoniga aylanmoqda.
Qishloq xo‘jaligida ham mutlaqo yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Quva tumanidagi “Quva Agrostar” majmuasi va agrovoltaika texnologiyalari asosida tashkil etilgan agrosanoat loyihalari fermer va dehqonlar daromadini oshirish, resurslardan samarali foydalanish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu kabi innovatsion yechimlar nafaqat iqtisodiy, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Turizm sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar ham Farg‘onaning salohiyatini yanada ochib bermoqda. Jumladan, Karkidon suv ombori hududida barpo etilayotgan zamonaviy turizm majmuasi hududni nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa miqyosidagi jozibador maskanga aylantirishi kutilmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar sohasini rivojlantirish va aholi daromadini oshirishda muhim omil bo‘ladi.
Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar ham alohida e’tiborga loyiq. Marg‘ilon shahrida barpo etilgan “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi xalqimizning boy tarixiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, yosh avlodni ilm-fan va ma’rifatga yo‘naltirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Bu kabi majmualar milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yoshlar masalasiga qaratilayotgan e’tibor ham diqqatga sazovor. Zamonaviy texnikumlar, startap markazlari va dual ta’lim tizimining joriy etilishi yoshlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni mehnat bozori talablariga mos mutaxassis etib tayyorlash imkonini bermoqda. Bu esa mamlakatimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor demakdir.
Shuningdek, sport sohasida, xususan, futbol infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb etishda muhim o‘rin tutadi. “Neftchi” bolalar futbol akademiyasi misolida yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro maydonlarga olib chiqish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugun Farg‘ona vodiysida amalga oshirilayotgan har bir loyiha, har bir islohot inson manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan.
Ishonchim komilki, bunday keng ko‘lamli va tizimli ishlar natijasida Farg‘ona vodiysi nafaqat yurtimizning, balki butun mintaqa taraqqiyotining yetakchi markazlaridan biriga aylanadi.
N.Abduraimova, O‘zA