Farg‘ona viloyatida ijro intizomi holati qanday?
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar va tashrif bayonlaridagi topshiriqlar ijrosini o‘rganish natijasiga bag‘ishlangan navbatdagi jamoatchilik eshituvini o‘tkazdi.
Markaz ekspert-mutaxassislari, huquqshunoslar, Adliya vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi mas’ullari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan jamoatchilik eshituvida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijasi tanqidiy tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, viloyatning 12 ta tuman va shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13 ta farmoni va 33 ta qarori, shuningdek, 5 ta bayonidagi Farg‘ona viloyatiga oid topshiriq va vazifalarning ijro holati o‘rganildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash borasida erishilgan natijalar bilan birga, hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar ham mavjud. Mutasaddilarning e’tiborsizligi tufayli ayrim topshiriqlar o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilmagan. Xususan, viloyatda suv tejovchi texnologiyalar yetarli darajada joriy etilmagan, xorijiy kredit mablag‘larini o‘zlashtirish darajasi past, raqamlashtirish ishlari qoniqarsiz ahvolda hamda aholi bandligini ta’minlash yetarlicha nazoratga olinmagan.

Shuningdek, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida joylashtirilgan 2017-2021 yillarda Farg‘ona viloyatiga taalluqli bo‘lgan 5 ming 207 ta topshiriqning 3 ming 643 tasi (69 foizi) o‘z muddatida bajarilgan bo‘lsa, 955 tasi (18 foizi)ning muddati o‘tib ketganidan so‘ng ijro etilgan. bugungi kunda 1 ming 575 ta topshiriq bajarilish jarayonida bo‘lsa, 16 tasining ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida va Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriqlari bo‘yicha 7-son majlis bayonining 3-bandida viloyatning Shodiyona mahallasi misolida Farg‘ona shahridagi barcha mahallalar qiyofasini yangilash, ko‘chalarini ta’mirlash, hududini obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan zarur choralarni ko‘rish vazifasi yuklatilgan. Biroq bu topshiriq shahardagi mavjud 72 ta mahallaning 22 tasidagina bajarilgan, xolos.
Majlis bayonidagi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Farg‘ona viloyati hokimligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birga bir oy muddatda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha “raqamli mahalla” yangi tizimini yaratish vazifasi ham to‘liq ijrosini topmagan, ya’ni idoralararo elektron hujjat almashinuv platformasini yo‘lga qo‘yish va uni integratsiya qilish masalasi ham hanuzgacha hal etilmagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari ijrosi doirasida qishloq xo‘jaligi va yer munosabatlari sohasida ham bir qator sustkashliklar aniqlangan. Jumladan, pilla rejasini bajargan ishsiz, kam ta’minlangan oilalarga 12 million 622 ming so‘m miqdordagi to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Tomorqa yer egalariga “On-line” tarzda yetarlicha kreditlar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan talabgorlarga esa subsidiyalar ajratilmagan. Auksionga chiqarilgan yer uchastkalari qonunchilikka zid ravishda chiqarib olingan.
Misol uchun, 2020 yilda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash tizimini takomillashtirish yo‘nalishida 2020 yil 1 apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Farg‘ona va Oltiariq tumanlarida jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov o‘tkazish orqali ajratish mexanizmini joriy etish belgilangan bo‘lsada, mazkur mexanizm hanuzgacha ushbu tumanlarda joriy qilinmagan.
Shu bilan birga, viloyatda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi bilan bog‘liq bir qator topshiriqlar ijrosi ham o‘z muddatida ta’minlanmagan. Xususan, 2021 yil mart oyiga qadar viloyat umumta’lim maktablari o‘quvchilari davomatini nazorat qilishning Yagona elektron apparat dasturiy kompleksini joriy qilish viloyatdagi 948 ta maktabning bor yo‘g‘i 14 tasida (1,4 foiz) joriy etilgan. Xuddi shuningdek, viloyatdagi 284 ta tibbiyot muassasasining faqatgina 47 tasi (16,5 foiz), shu jumladan, jami 19 ta tuman va shahardan 8 tasi “Elektron poliklinika” yagona tizimiga ulangani asosli e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Jamoatchilik eshituvida mutasaddilarning yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan izohlari tinglandi, jurnalistlar va blogerlar tomonidan berilgan savollarga javoblar olinib, ijro intizomini ta’minlash yuzasidan taklif-tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida belgilab berilgan topshiriqlaring o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha bugungidek jamoatchilik eshituvlarini muntazam tashkil etib borish joylarda islohotlarning sifatli amalga oshirilishini nazorat qilish imkonini berishi alohida qayd etildi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA