“Farg‘ona ekspo” – investitsiya va hamkorlik maydoni
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahrida tashkil etilgan “Farg‘ona ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazi viloyatning iqtisodiy salohiyatini yanada kengroq namoyish etish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, eksport faoliyatini rag‘batlantirish hamda investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Markaz nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki tadbirkorlar va sarmoyadorlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlovchi zamonaviy muloqot platformasi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
Besh gektar maydonda barpo etilgan majmuada 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchi korxona mahsulotlarini namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Sakkiz qavatli yangi binoda dastlabki ikki qavat savdo, investitsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan tashkilotlar faoliyati uchun ajratilgan. Qolgan qavatlar esa investorlar va biznes vakillari uchun ofis maydonlari sifatida taklif etilmoqda.
[gallery-29737]
Markazda yil davomida 15 ta yo‘nalish bo‘yicha doimiy ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu davlat tashkilotlari, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA