Fargʻonaliklar kitob oʻqish bilan band
Tanlovda 13-aprel sanasidan 18-aprelga qadar 6 ming 853 nafar kitobxon ishtirok etish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtdi.
Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida karantin davrida oilalarda kitobxonlik muhitini uygʻotish, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida oʻtkazilayotgan “Kitobxonlik oyligi”ning ilk haftasi oʻz nihoyasiga yetdi.
Tanlovda 13-aprel sanasidan 18-aprelga qadar 6 ming 853 nafar kitobxon ishtirok etish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtdi. Eng koʻp Fargʻona shahridan 36,3 foiz, undan keyingi oʻrinda 15,6 foiz kitobxonlari bilan Bagʻdod tumani faollik bilan ishtirok etmoqda. Oʻtkazilgan “Kitobxon yoshlar” tanlovining 7-14 yosh toifasida Quva, Oltiariq, Toshloq tumanlari hamda Fargʻona shahri kitobxonlari faol qatnashgan boʻlsa, ayni tanlovning 15-30 yosh toifasida Rishton, Uchkoʻprik va Fargʻona tumani kitobsevar yoshlari koʻpchilikni tashkil qildi.
Shuningdek, haftaning seshanba, juma kunlari oʻtkazilgan “Kitobxon ota” tanlovida 621 nafar kitobxon otalar ishtirok etdi. Ular orasida Oltiariq, Beshariq, Dangʻara tumanidan ishtirokchilar farzandlariga oʻrnak boʻlib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Chorshanba va shanba kunlari bahslarga boy boʻlgan “Kitobxon ona” tanlovida Fargʻona shahri, Quva va Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi onalar faollik koʻrsatdi. Birgina “Kitobxon ona” tanlovi 1089 nafar onalarni qamrab oldi.
“Kitobxon ona” koʻrik-tanlovi gʻolibasi Surayyo Gafurova oʻzining dil izhorlarini bildirdi:
– Asli tilchiman, bu rost. Badiiy adabiyotni maktab paytlarida oʻqiganman asosan. Hozir vaqt yuq. Ilmiy manbalardan ortmaymiz. Lekin tanlovga farzandlarim uchun qatnashdim. Axir nomi ham kitobxon ona-ku. Ularning qoʻllab-quvvatlab turishlarini, ishonchlarini oqlash uchun.
Kitobxon ona tanlovi uchun judayam xarakterli asar tanlangan. Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarini 7 yoki 8-sinfda oʻqigan edim. Koʻzda yosh bilan. Kecha asar nomi eʼlon qilingandan soʻng yana qoʻlimga oldim. Bu safar ham yosh keldi, lekin bu boshqa tuygʻu. Axir endi oʻzim ham ona edim, ona sifatida oʻqidim. Sinchiklab, diqqat bilan oʻqib chiqdim. Toʻgʻrisi, 20 ta savolga ham toʻgʻri javob bersam kerak, deb oʻylab turgandim. Lekin savollar boshlanishi bilan mayda detallargacha eʼtiborga olingani anglashildi. Natijada 2 ta xato.
Tashkilotchilarga va barcha qatnashchilarga katta rahmat. Keyingi tanlovlarda omad yor boʻlsin. Minnatdormiz.
Tanlov gʻoliblari Quva tumanidan 10 nafar, Fargʻona shahridan
9 nafar, Oltiariq, Beshariq tumanlaridan 3 nafardan, Quvasoy shahri,
Dangʻara, Buvayda, Uchkoʻprik tumanlaridan 2 nafardan, Fargʻona, Soʻx va Oʻzbekiston tumanlaridan 1 nafarni tashkil etdi.
– Kitobga boʻlgan mehr oiladan boshlanadi deb, bejiz aytishmagan ekan. Oilamizda kitobxonlik kechalari koʻp oʻtkazilib turiladi. Bu bizning dunyoqarashimizni, hayotga, atrofdagilarga nisbatan fikrimizni ancha teranlashtiradi, – deydi Oʻzbekiston tumanidan“Kitobxon yoshlar” tanlovi gʻolibi Saidaxon Boqijonova. – Oʻzim Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti fizika-matematika fakulteti 2-bosqich talabasiman. Yoʻnalishim aniq fanlar boʻlishiga qaramasdan, adabiyotga boʻlgan mehrim boshqacha. Bunga albatta, oilaviy muhit sabab boʻlgan.
Bu tanlovni onam koʻrsatib qoldilar. Avval uncha eʼtibor bermadim. Keyin oʻzim oʻqigan asarlar berilayotganligini koʻrib, xotiramni sinab koʻrish fikri uygʻondi va qarabsizki gʻolib boʻldim. Bu unchalik ham qiyin emas ekan, shunchaki bilimingizni tez fursatda koʻrsata olish qobiliyati xolos.
Kitobxonlarga aytadigan gapim shuki: qaysi soha vakili boʻlishidan qatʼiy nazar kitobga beriladigan eʼtibor bu oʻzimizga, oʻzligimizga berilgan eʼtibordir!
“Kitobxonlik oyligi” doirasidagi tanlovlar viloyat Axborot-kutubxona markazining www.ferlibrary.uz, https://fergana.natlib.uz saytlari hamda telegramdagi https://t.me/fargona_akm sahifasi orqali oʻtkazilmoqda.
Bugungi kunga kelib birgina viloyat axborot-kutubxona markazi rasmiy sayti orqali 13 ming 823 nafar foydalanuvchi tanlovni kuzatib, qamrab olingan boʻlsa, telegram tarmogʻi orqali tanlovga oid eʼlonlar foydalanuvchilar tomonidan 364 ming 750-martadan ortiq koʻrilgan.