“Faol hayotga qadam”
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini yaxshilash va jamiyatda munosib o‘rin egallashini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy xizmatlar ko‘lami kengayib, aholiga yaqin va samarali tizim shakllantirilmoqda.
“Faol hayotga qadam” dasturi doirasida joriy etilgan yangi xizmatlar oilaviy va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar hayotini yengillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur dastur orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, uy sharoitida qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish hamda shaxsiy yordamchi xizmatlari tashkil etilgan. Bu xizmatlar fuqarolarning kundalik ehtiyojlarini qondirish, salomatligini tiklash va jamiyatga moslashuvini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida dastur ijrosi doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumanning Do‘stlik mahallasida faoliyat yuritayotgan “Ibrohimova Sharofat” xususiy korxonasi negizida kunduzgi parvarish markazi tashkil etilgan. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat bilan integratsiyalashuviga ko‘maklashish va hayot sifatini yaxshilashdan iborat.
Markaz nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz keksalarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu yerda fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ularga zarur ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.

Markaz 8 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda bir nechta turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Eng muhimi, markaz faoliyatidan foydalanayotgan fuqarolar ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuqori ekanligini ta’kidlab, bunday g‘amxo‘rlik o‘zlarining salomatligi va ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirmoqda.
Bugungi kunda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa yurtimizda ijtimoiy davlat tamoyillari amalda o‘z ifodasini topayotganining yana bir yorqin namunasidir.
Elbek Ikromov,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning
Navoiy viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA