“Faol hayotga qadam” dasturi amalda
Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Denov” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ruxsora Tolibova uch farzandni tarbiyalab kelmoqda. Ruxsora opaning katta o‘g‘li Sanjar Raupov sog‘ligida o‘zgarishlar sezila boshlagach, asta-sekin oyoq-qo‘llarida holsizlik paydo bo‘lib, mustaqil harakat qila olmay qoldi. Bu nafaqat ruhiy zarba, balki oilaning moddiy ahvoliga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, uchinchi farzandi Sarvar Raupovda ham xuddi shunday xastalik belgilari aniqlanib, ona chuqur iztirobga tushdi. Shu vaziyatda mahalla ijtimoiy xodimi oilaning ahvolini o‘rganib, zarur yordam choralarini ko‘rishga kirishdi.

Avvalo, Sanjarning og‘ir ahvoli inobatga olinib, unga 1-guruh nogironlik belgilandi hamda tegishli nafaqa tayinlandi. Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” hamda “Faol hayotga qadam” dasturlari doirasida Sanjarga uy sharoitida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati biriktirildi. Bu xizmat orqali Sanjar bilan bir qatorda ukasi Sarvarga ham tibbiy yordam ko‘rsatilib, sog‘ligida ijobiy o‘zgarishlar kuzatila boshlandi.
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan oilaga moddiy yordam hamda o‘quv qurollari yetkazib berildi. Sarvar ham tibbiy ko‘rikdan so‘ng 2-guruh nogironligi bo‘yicha davlat himoyasiga olindi.
Ko‘rsatilgan e’tibor va ko‘mak Ruxsora opaning hayotga bo‘lgan ishonchini tiklashga, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu esa, ijtimoiy himoya tizimi va hamjihatlikning inson hayotida naqadar muhim ahamiyat kasb etishini yaqqol namoyon etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.