Fanlar akademiyasida millatlararo totuvlik masalalari muhokama qilindi
30-iyul — Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Biz — yagona Vatan farzandlarimiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirni ochib bergan Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim tayanchlaridan biri ekanini ta’kidladi.
— Ilm-fan chegara bilmaydi. Olimlarni yagona maqsad — haqiqatni izlash va insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilish birlashtiradi. Shu bois, Fanlar akademiyasi nafaqat ilm maskani, balki turli millat vakillarini umumiy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi ma’rifat dargohi hamdir. “Biz — yagona Vatan farzandlarimiz” degan g‘oya har bir olimning faoliyatida, har bir ilmiy yutug‘ida o‘z aksini topishi kerak. Chunki ilm va ma’rifat jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlaydi, — dedi Bahrom Abduhalimov.

Davra suhbati davomida professor Saodat Davlatova mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, turli millat va elat vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda bag‘rikenglik muhitini yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, ishtirokchilar yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, fuqarolik mas’uliyati va bag‘rikenglik tuyg‘ularini mustahkamlash, xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi va milliy qadriyatlarini asrab-avaylash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.
Tadbir qizg‘in savol-javoblar va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Yakunda mamlakatimizda qaror topgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlik muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning yuksak mas’uliyati ekani yana bir bor e’tirof etildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA