Fan olimpiadasi – bilim va iqtidor sinovi
Xorazm viloyatidagi umumta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida asosiy fan olimpiadasining ikkinchi – tuman (shahar) bosqichi belgilangan reja-jadval asosida davom etmoqda.
Ayni kunlarda matematika fani bo‘yicha o‘tkazilayotgan bellashuvlarda o‘quvchilar o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazayapti. Olimpiada 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari uchun alohida, uch smenada tashkil etilgan.
Ishtirokchilarga test shaklidagi topshiriqlarni bajarish uchun har bir smenada 90 daqiqa vaqt ajratilgan. O‘quvchilar belgilangan vaqt davomida matematik bilimlari, mantiqiy fikrlash va masalalarga yechim topish ko‘nikmalarini namoyon etmoqda.
Mazkur olimpiada o‘quvchilarning aniq fanlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-32076]
Asosiy fan olimpiadasining tuman (shahar) bosqichi 27-oktabrga qadar davom etadi.
Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA