Ezgulikni shior bilgan havaskor rassom ko‘rgazmasi
Poytaxtimizdagi “Xamar” san’at galereyasida havaskor rassom Gulnoz Eshnazarova ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.
Gulnoz Eshnazarova 1979 yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tavallud topgan. U bolalikdan tasviriy san’atga oshno bo‘lsa-da, mahoratli psixolog sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Nuqsonli bolalar bilan ishlab, ularning qo‘l motorikasini yaxshilash uchun maxsus ijodiy klub tashkil etgan. Gulnoz Eshnazarova ko‘p yillardan buyon ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga tasviriy san’at sirlarini o‘rgatib kelmoqda. O‘zi mustaqil tarzda ijodiy ustaxona tashkil etgan bo‘lib, barcha bolalarning inklyuziv tarzda tasviriy san’at sirlarini o‘rganishi uchun astoydil harakat qilmoqda.

– Mazkur ko‘rgazma ekspozitsiyasini Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” asaridan ruhlangan holda tayyorladik, – dedi Gulnoz Eshnazarova. – Ayni paytda ko‘rgazmadagi asarlarni taqdim etishda milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirishga, bu dunyo mudom yaxshilik deb atalgan ustunga asoslanishini badiiy asarlar orqali ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratdik.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlar teri, mato, yog‘och kabi materiallarga ishlangani, tasviriy san’atning turli yo‘nalishlarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, “Yo‘lovchi”, “Bahor va kuz”, “Ko‘l”, “Ummon”, “Anor” kabi kartinalari o‘ziga xos ijodiy yondashuvi, teran falsafiy ma’nosi bilan ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.
N.Usmonova, O‘zA