Ezgulik va tinchlik timsoli
O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan davlat ramzlari — bayroq, gerb va madhiyaga egamiz. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Ammo dunyoda biror ramz yoki timsol davlatni, millatni jahonga Davlat bayrog‘idek tanita olmaydi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda: “Davlat bayrog‘i xalqning shon-sharafi, g‘ururi. Bayroqni qadrlash, e’zozlash o‘z mamlakatiga va shaxsan o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash demakdir”.
O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i barchamizning g‘ururimiz va faxrimizdir. Davlat ramzlarini hurmat qilmay turib, biz o‘z xalqimizning millat sifatidagi o‘rnini, O‘zbekistonning butun jahon mamlakatlaridan biri, tenglar ichra teng ekanligini idrok qila olmaymiz.
Bayroq – bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’aladir. U o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Azaldan o‘zini tanigan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. bugungi kunda ham dunyo mamlakatlaridagi ko‘plab elchixonalarimiz, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida bayrog‘imiz O‘zbekiston ramzi bo‘lib hilpirayapti.
Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimizning yutuqlari esa albatta, qalbimizga g‘urur bag‘ishlaydi. Bayrog‘imiz bizni fidoyilikka, vatanparvarlikka, yangi marralarga chorlaydi.
Hilpirayotgan bayrog‘imiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-obodlik, millatlararo totuvlik, qut-baraka, biz erishayotgan bemisl yutuqlar va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch ramzi sifatida qalbimizga iftixor bag‘ishlaydi.
Qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrog‘imizni hurmat qilishlari shart. Zero, unda ruhiyatimiz, g‘urur va iftixorimiz, Vatanimiz va xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.
Mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaro qalbiga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliylik timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Yurtimiz farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Chunki bayroq — hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!
Ozoda AKBAROVA,
O‘zDJTSU O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi
mas’ul xodimi