Ezgulik va savob ishlar: ehtiyojmandlarga ko‘mak kuchaytirilmoqda
Jamiyatda inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand qatlamlarni ijtimoiy himoya qilish va xayru saxovatni mustahkamlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, xalqimiz ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan Qurbon hayiti kunlarida bu tamoyillar yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Qurbon hayiti munosabati bilan qabul qilinayotgan hujjatlar aynan shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Unda tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yetim bolalar va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, diniy va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar ilgari surilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlarini, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash rejalashtirilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. 8000 mingdan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisob varaqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi. Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami bilan ta’minlanadi. Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA