“Ezgulik manzili” aksiyasi davom etmoqda
Qashqadaryoda “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasi o‘tkazildi. Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan aksiya ehtiyojmand, kam ta’minlangan, og‘ir sharoitda yashayotgan oilalardagi bemor bolalarga konsultativ va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bu aksiyaga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining tajribali mutaxassislari jalb etilgan. Qashqadaryo viloyatidagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tashkil etilgan aksiya doirasida jamg‘armaning tibbiy dasturlariga asosan bemor bolalarni davolash, bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, salomatligini tiklash, operatsiya qilishga zarurat bo‘lgan bemor bolalarda murakkab operatsiya amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan bu kabi aksiyalar respublikamiz bo‘ylab muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Shu kungacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Andijon, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida xuddi shu kabi 1200 nafardan ortiq bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Yurtimiz va xorijlik shifokorlar ishtirokida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.
[gallery-8838]
Aksiyaning dastlabki kunida 250 dan ortiq bemor bolalar va ularning ota-onalari tashrif buyurdi. Birinchi bosqichda barcha bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shifokorlarning tavsiya va xulosalari asosida shu yerning o‘zida 45 nafar bolada operatsiya amaliyotlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Qolgan bolalarda esa bu jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamoat fondiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. O‘tgan davr mobaynida respublikamizning ko‘pgina hududlaridan tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolajonlarga xayriya yordamlari, operatsiya xarajatlari to‘liq qoplab berildi. Hozir o‘tkazilgan aksiya doirasida ham Jamoat fondi tomonidan nafaqat bolalarni operatsiya qilish, balki ularni sog‘lomlashtirish, zarur dori vositalari bilan ta’minlash kabi xarajatlar ham to‘liq qoplab berilmoqda.
E’tiborlisi, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat Fondi tomonidan nafaqat yurtimiz, balki xorijiy klinikalar bilan ham hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bu kelishuv doirasida ham qator ijtimoiy-tibbiy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozirda 19 nafar bemor bolalar xorijning nufuzli klinikalarida davolanmoqda. Albatta, bu kabi ijtimoiy aksiyalarning doimiy ravishda o‘tkazilayotganligi bemor bolajonlarni to‘liq davolash, ularni tengdoshlari kabi sog‘lom hayotga qaytarish yo‘lidagi ezgu amallardan biri hisoblanadi. Aksiya 24 sentyabrga qadar davom etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.