Ezgu orzular ro‘yobi uchun
Prezidentimizning joriy yil 26-maydagi “2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori asosida Termiz davlat universitetida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilish davom etmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 26-maydagi “2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori asosida Termiz davlat universitetida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilish davom etmoqda.Mustaqillik yillarida Termiz davlat universiteti Prezidentimiz tashabbusi bilan tubdan yangilandi, zamonaviy jihozlangan keng va yorug‘ o‘quv binolari, talabalar turar joylari, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari barpo etildi. Multimedia va komputer vositalari bilan jihozlangan auditoriyalar, lingafon va laboratoriya xonalari, 170 mingga yaqin kitob fondiga ega zamonaviy axborot-resurs markazi, sport inshootlari talaba-yoshlar ixtiyorida. Jahon andozalariga mos yaratilgan bunday sharoitlar yoshlarda ushbu ta’lim muassasasida ilm olish ishtiyoqini kuchaytirib, ko‘plab yetakchi tarmoqlar uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotir.
Surxondaryo viloyatidagi yagona oliy ta’lim muassasasida bu yil bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 37, magistraturada 15 yo‘nalish bo‘yicha hujjatlar qabul qilinmoqda.
– Oliy ta’lim muassasamizda o‘qish istagi bilan kelayotgan yoshlarga barcha qulayliklarni yaratish va qabul jarayonini yuqori saviyada tashkil etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda, – deydi universitet rektori Mamat Haydarov. – Hujjatlarni qabul qilib olish jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlash maqsadida abituriyentlardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari va boshqa zarur ma’lumotlar aks ettirilgan pannolar o‘rnatildi. Qabul jarayoni yangidan qurilgan, qayta rekonstruksiya qilingan 9 ta’lim binosida amalga oshirilayotir. Kunlik ma’lumotlar qabul komissiyasining e’lonlar doskasida aks ettirilib, “Abituriyent – 2016” elektron bazasiga kiritilmoqda.
Universitetda abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun barcha qulaylik yaratilgan. Yaxna ichimliklar, kanselariya mollari va kitob do‘konlari, ikkita oshxona xizmat ko‘rsatmoqda. 3 tez tibbiy yordam punkti tashkil etilgan. Ota-onalar uchun binolarning qulay, salqin hududlarida maxsus joylar tashkil etilib, shinam o‘rindiqlar o‘rnatilgan.
– Universitetga sakkiz yil avval ham kelgan edim, – deydi oltinsoylik Mamalatif Normamatov. – Bu dargoh shunchalar o‘zgarib, zamonaviy qiyofa kasb etibdiki, taniyolmay qoldim. Muhtasham yangi o‘quv korpuslari, yotoqxonalar, sport inshootlari, anvoyi gullarga burkangan tevarak-atrofning ozoda va ko‘rkamligi havasimni keltirdi. Ota-onalar va abituriyentlar uchun yaratilgan qulayliklardan behad quvondim. Tog‘ qo‘ynida joylashgan tumanimizda bog‘dorchilik tobora rivojlanmoqda. O‘g‘lim Umidjonning shu sohaga qiziqishi baland. Bu yil meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilik bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilganini eshitib, yaxshi niyatlar bilan shu yo‘nalishga hujjat topshirdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida kadrlarga ehtiyoj o‘rganilib, mutaxassislar tayyorlash qayta ko‘rib chiqilayotgani oliy ta’lim muassasalarida yangi yo‘nalishlar tashkil etish va tarmoqlarni malakali yosh kadrlar bilan ta’minlashda o‘z samaralarini bermoqda. O‘tgan yili Termiz davlat universiteti bakalavriat yo‘nalishida 34, magistraturada 13 mutaxassislik bo‘yicha hujjat qabul qilgan bo‘lsa, joriy yildan oziq-ovqat texnologiyasi, qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish, meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ham bakalavr mutaxassislar tayyorlash uchun abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda. Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi, noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi bo‘yicha magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilayotir.
– Dehqonobod tibbiyot kollejini tugatib, shu universitetning kimyo yo‘nalishiga hujjat topshirdim, – deydi abituriyent Feruza Saydullayeva. – Barcha sharoit muhayyo etilgan zamonaviy ta’lim muassasasida ilm-fan sirlarini puxta egallashni maqsad qilganman. Bu yerdagi sharoitlar ota-onamga ham manzur bo‘ldi.