Eski ko‘p qavatli uyda tayanch konstruksiyani buzgan fuqaroga chora ko‘rildi
Ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan ko‘p qavatli uylarda o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya va qayta rejalashtirish ishlarini amalga oshirish nafaqat qonunbuzarlik, balki binoning seysmik barqarorligi hamda aholining xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi.
Toshkent shahrida ana shunday holatlardan biri aniqlanib, qonunbuzarga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF–104-son Farmoniga muvofiq, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan ko‘p kvartirali uylarda qayta rejalashtirish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish taqiqlangan. Shunga qaramay, ayrim mulkdorlar ushbu talablarni buzib, tayanch konstruksiyalarni o‘zboshimchalik bilan buzish holatlariga yo‘l qo‘ymoqda.
Xususan, Toshkent shahrining Yashnobod tumani "Aviasozlar" mahallasida yashovchi fuqarolarning murojaati asosida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida ko‘p kvartirali uy mulkdori ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan binoda noqonuniy ravishda qayta rejalashtirish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirgani aniqlandi. Tekshiruv jarayonida mulkdor uyning to‘siq hamda tayanch konstruksiyalarini buzganligi ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday noqonuniy o‘zgartirishlar ko‘p kvartirali uyning seysmik barqarorligi, mustahkamligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu bois fuqarolardan ko‘p qavatli uylarda o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya va qayta rejalashtirish ishlarini amalga oshirmaslik, shuningdek, tayanch konstruksiyalarga shikast yetkazmaslik so‘ralmoqda.
Mazkur qonunbuzarlik yuzasidan mulkdorga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi 3-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, unga qonunbuzarlik oqibatlarini belgilangan muddatda bartaraf etish va obektni avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berildi. Belgilangan muddatda ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, tumanlararo fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritilishi haqida ogohlantirildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA