"Eski bozor" qachon ko‘chiriladi?
Guliston dehqon bozori buzilib, yangisiga ko‘chiriladi, degan gaplar chiqqaniga ham o‘n yillar bo‘lib qoldi. Shu orada uch marotaba viloyat, shahar hokimi, xullas, "bozor buzish", "bozor qurish"ga aloqador rahbarlar o‘zgardi. Ammo yangi loyiha asosida qurilgan “Yangi bozor”ga ko‘chirilishi kerak bo‘lgan eski Guliston dehqon bozori buzilishga buzildiyu, o‘zgarmasdan joyida bir holatda qolib ketdi.
Shaharning Xondamir, Bunyodkor, Sayxun va Xalqlar do‘stligi ko‘chalari oralig‘ida joylashgan 21,2 gektarli (eski bozor o‘rnida) yer maydonida «Guliston City» , unga aloqador biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, favvoralar, ijtimoiy va boshqa ob’ektlar qurilishi ko‘zda tutilgani, albatta, yaxshi. Chunki bugungi Guliston kechagi Guliston emas. Shunga yarasha odamlarning ham dunyoqarashi o‘zgardi, fikri ham.
–Bu masala yuzasidan yangi viloyat hokimi tomonidan alohida topshiriq bo‘ldi,–deydi Sirdaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurahim Umarov viloyat hokimining qabuliga murojaat bilan kelgan tadbirkorlar bilan uchrashuv davomida.– Ayni vaqtda "Eski" dehqon bozorining hududida belgilangan sanitariya qoidalariga zid ravishda oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak mahsulotlari bilan savdo qilayotgan sotuvchi va tadbirkorlarni "Yangi bozor" hududiga ko‘chirish, ularga munosib shart-sharoit yaratish bo‘yicha shahar hokimi boshchiligida ishchi guruh tuzilib, ish olib borilyapti.
Haqiqatdan ham viloyat rahbari o‘rinbosarining so‘zida jon bor. Yangi, zamonaviy loyiha asosida qurilgan "Guliston dehqon", "Guliston buyum" bozorlarida sharoitlar yo‘q emas, bor. Ko‘rgan ko‘zni quvontirar darajada. Biroq do‘konlarning, savdo rastalarining yarmi bo‘m-bo‘shligi kishini o‘ylantiradi.
[gallery-21465]
Unda muammo nimada, deyishingiz mumkin. "Muammo esa, eski dehqon bozorida. Chunki mazkur bozor viloyatning qoq markazida joylashgan. Yangi bozor esa birozgina chetda. Xaridorlarning kelib -ketishi bilan bog‘liq muammo bor" deydi hokim qabuliga kelgan sotuvchilar. – Yangi bozorga ko‘chmaymizmas, ko‘chamiz, –deydi Sirdaryo tumanining Bo‘ston mahallasida istiqomat qilayotgan Zilola Hakimova.– Ammo savdo bo‘lmasa-chi, kunlik tushum, ro‘zg‘or, farzandlarimni boqish uchun ketadigan 50-60 ming so‘mlik pulni kimdan olaman. Nogiron farzandim bor. Uni boqish, dori-darmoni uchun ketadigan pulni ho‘l meva sotib topaman. Masalaning og‘riqli joyi ana shunda,–deydi u.
–Zilolaning so‘zida jon bor, yangi bozorda biroz savdo qilib ko‘rdim,–deydi ho‘l meva bilan savdo- sotiq qiladigan gulistonlik Xursanoy Po‘latova. – Foyda o‘rniga qarzga kirib ketdim. To‘rt- beshta sotuvchi, tadbirkorni ko‘chirgan bilan ish bitmaydi. Birato‘la hammani ko‘chirish kerak. Shunda xaridorlar eski bozorga emas, yangi bozorga boradi. Eng achinarli tomoni, eski bozor, uning hududida savdo -sotiq qilayotgan sotuvchilardan undiriladigan, mahalliy byudjetga tushadigan bir martalik patta puli, yig‘imlar havoga uchyapti.
–Boshqa muammolarni qo‘yaturing, eski bozordagi muammolarni ko‘rgan kishining ko‘ngli behuzur bo‘lib ketadi. Biron bir uzoqdan kelgan yaqiningni bozorga olib kelishga, aylantirishga uyalasan. Nima emishki, "Guliston City" qurilarmish. Bu yaxshidir, lekin undan oldin “Eski bozor”ning “eski” muammolarini bartaraf etib, ishni boshlaganga nima yetsin. Hayhotdek bo‘lmasa-da, kichkina shaharga o‘zgarishlar juda yarashadi,–deydi gulistonlik Barchinoy Suyunova.–"Eski" dehqon, buyum, “eski temir-tersak” bozori shu bugungi kunda ayanchli, og‘ir ahvolda, shahar husnidagi "dog‘" bo‘lib turibdi. Lekin buni mazkur bozor hududida noqonuniy tartibda savdo-sotiq qilayotgan sotuvchilar anglab yetayotgani yo‘q. Qancha darajada targ‘ibot, tushuntirish ishlari o‘tkazilsa-da, sotuvchilar yozda chang, yog‘ingarchilik kunlarda loy va balchiqqa belangancha, sanitariya qoidalariga zid ravishda savdo faoliyatini davom ettiryapti.
Bu masalaning bir tomoni, ammo uning ikkinchi tomoni ham bor. Ular tomonidan xaridorga sotilayotgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan hech kim kasal bo‘lmaydi, deb kim kafolat beradi. Albatta, hech kim. Bu haqda sotuvchilar o‘ylab ko‘rishlari kerak.
Agar ushbu tadbirkoru sotuvchilar “eski dehqon, buyum, temir-tersak bozori” hududida emas, yangi bozor hududida faoliyat ko‘rsatsa bormi, million-million mablag‘lar havoga emas, mahalliy byudjetga tushardi. Buning ma’lum bir qismi hisobidan yangi bozor yanada ko‘rkamlashib, uning infrastrukturasi yanada rivojlanardi.
Menimcha, bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘radigan, muammoni cho‘zmasdan tezda bartaraf etadigan vaqt keldi. Bu mavzuga yana qaytamiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri