Ertadan Toshkentda jamoat transporti harakati toʻxtatiladi
2020-yil 22-martdan eʼtiboran mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar tashuvchilar tomonidan xizmat koʻrsatiluvchi yoʻnalishlar boʻyicha Toshkent shahri hududida barcha jamoat transporti (avtobus, metro va yoʻnalishli taksi) harakati vaqtinchalik toʻxtatiladi
Bugun 21-mart kuni boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi”ning yigʻilishida 22-martdan poytaxtimizdagi jamoat transporti harakati vaqtincha toʻxtatilishi maʼlum qilindi.
Mazkur yigʻilishning 8-sonli bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilindi.
Unga koʻra:
- 2020-yil 22-martdan eʼtiboran mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar tashuvchilar tomonidan xizmat koʻrsatiluvchi yoʻnalishlar boʻyicha Toshkent shahri hududida barcha jamoat transporti (avtobus, metro va yoʻnalishli taksi) harakati vaqtinchalik toʻxtatiladi;
- Yoʻlovchilar gavjum yigʻiladigan maskanlar, metro bekatlarida Toshkent shahrida barcha jamoat transporti harakati vaqtinchalik toʻxtatilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar beriladi;
- Shahrimizdagi shifoxonalarning tibbiy jamoasini ishga va uyga tashish uchun, ularning xodimlari soniga koʻra, Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining buyurtmalari asosida kerakli miqdorda maxsus dezinfeksiya qilingan alohida avtobuslar ajratiladi;
- Jamoat transporti oʻrniga vaqtincha Toshkent shahar Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan maxsus dezinfeksiya qilingan taksilar harakatlanadi.
Har kuni yoʻnalishga chiqqan har bir taksiga SEOM tomonidan dezinfeksiya qilinganligi haqida maʼlumotnoma berib boriladi.
Mutasaddilarga Toshkent shahrida jamoat transporti harakati vaqtinchalik toʻxtatilgan vaqtda yoʻnalishsiz taksilarda tashish bilan shugʻullanuvchilar tomonidan yoʻl haqlarini sunʼiy ravishda oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish topshirildi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati