Erta nikohga yo‘l qo‘ymaylik
Bugungi kunda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yoshlarning ta’lim olishi va sog‘lom kamol topishini ta’minlash davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu jihatdan, erta nikohning oldini olish va uning salbiy oqibatlarini aholiga keng tushuntirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, qonuniy nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan. Undan oldin turmush qurish, shuningdek, rasmiy nikohdan o‘tmasdan shar’iy nikoh qilish qonunga zid hisoblanadi. Erta nikoh, ayniqsa, jismonan va ruhan oilaviy hayotga tayyor bo‘lmagan qizlarning sog‘lig‘iga, ta’lim olishiga va kelajakdagi ijtimoiy faolligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ana shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi davlat granti doirasida Navoiy viloyatida keng qamrovli targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, “Baxt qasri” markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Oila – jamiyat va davlat himoyasida” loyihasi asosida “Erta nikohning oldini olish – barchamizning burchimizga aylanishi kerak” mavzusida tadbirlar tashkil etilmoqda.

Loyiha doirasida Karmana tumani va Navoiy shahridagi 78 ta mahalla, 8 ta texnikum hamda 56 ta umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida uchrashuvlar, seminarlar va interaktiv muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda namunaviy oilalar vakillari, psixologlar, tibbiyot xodimlari hamda diniy idoralar vakillari qatnashib, erta turmush qurishning salbiy oqibatlari haqida atroflicha ma’lumot bermoqda.

– Voyaga yetmagan qizlarni turmushga berish, avvalo, qonun buzilishi hisoblanadi, – deydi markaz rahbari Muhayyo Rahmatova. – Shuningdek, bu holat qizlarning jismoniy va ruhiy jihatdan azoblanishiga, oilaviy nizolarga, onalik bilan bog‘liq jiddiy tibbiy muammolarga olib keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erta nikoh natijasida kamquvvatlik, tug‘ruq asoratlari, bolalar o‘limi va hatto nasl buzilishi holatlari ro‘y berish xavfi bir necha barobar yuqori bo‘ladi. Shu bois olib borayotgan loyihamizdan ko‘zlangan maqsad fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish, inson qadri, huquq va erkinliklariga bo‘lgan munosabatni yuksaltirish hamda sog‘lom, ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash g‘oyasini keng targ‘ib etishdir.
Loyiha doirasida mahallalarda yashovchi oilalarga erta nikohning oldini olish bo‘yicha qo‘llanmalar tarqatilmoqda. Ta’lim muassasalarida esa yoshlar o‘rtasida “Men erta nikohga qarshiman” xeshteg ostida videoroliklar tanlovi o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, yuzga yaqin yoshlar xorijiy tillarni o‘rganishda ko‘maklashiladi va ular “Yordamchi tarbiyachi” kasbiga tayyorlanmoqda.
Albatta, erta nikohning oldini olish nafaqat alohida oila, balki butun jamiyat farovonligi uchun xizmat qiladi. Bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, oilalar mustahkamligini ta’minlash va xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA