Eron yadroviy shartnomadan chiqishga tayyorlanmoqda (+video)
Eron parlamentida mamlakatning Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishi haqida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda parlament raisi o‘rinbosari Ali Nekzod ma’lum qildi, deya xabar bermoqda "TRT" telekanali.
Ta’kidlanishicha, hozirda tashabbusning xalqaro oqibati ko‘rib chiqilyapti. Qonun loyihasini yalpi majlis muhokamasiga shoshilinch tartibda kiritish rejalashtirilgan. Demak, deputatlar masalani o‘sha kunning o‘zidayoq ko‘rib chiqadi.
Shuningdek, mulozim mamlakat Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) va uning bosh direktori Rafael Grossiga ishonmasligini bildirdi. Eron o‘tgan yil sentabr oyida agentlik bilan hamkorlikni to‘xtatganini eslatib, Grossining harakatini bir tomonlama va ishonchsiz, deb atadi.
- U shunday toifa odamki, keladi, tekshiruv o‘tkazadi, bizni maqtaydi va ketgandan keyin bizga qarshi salbiy hisobot tayyorlaydi, — dedi parlament raisi o‘rinbosari.
Tehron Yadroviy qurol tarqatmaslik shartnomasidan chiqishi mumkinligi haqidagi xabarlardan keyin Rossiya bunday qadamga qarshi chiqdi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva Islom Respublikasi shartnoma doirasida qolishiga umid qilayotgani, bitimni yadroviy qurol tarqatmaslik asosi, deb hisoblashini aytdi.
Kreml vakili Eronning yadro quroli yaratish rejasi yo‘qligi, tinch maqsadda atom energetikasini rivojlantirish niyatini bir necha bor tasdiqlaganiga ham e’tibor qaratdi.
Bir kun avval Eronning sobiq va amaldagi bir guruh amaldorlari Yadroviy qurol tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma doirasidagi hamkorlikni zudlik bilan to‘xtatish va kelishuvdan imkon qadar tezroq chiqishga chaqirgan edi. Murojaat mualliflari hujjatda a’zo bo‘lib qolish o‘lka manfaatiga mos emasligini ta’kidlab, shartnomadan chiqishni “strategik zarurat” deb atagan.
Kenja Bekjonov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA