Eron tashqi ishlar vaziri bilan muzokara to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatning joriy holati va istiqbolini muhokama qildi.
Vazirlar yaqinda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuv VI davrasining samarali natijacini mamnuniyat bilan qayd etib, barcha darajalarda konstruktiv muloqotni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
Muzokarada ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi munosabatiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan mintaqalararo transport-logistika loyihalarini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Muloqotda Afg‘oniston masalasi bo‘yicha ham fikr almashildi. O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri afg‘onlararo muzokaralarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlarni Eron delegatsiyasi a’zolari yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida Eron tomoni joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasida ishtirok etish istagida ekanligini tasdiqladi.
Tadbirda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.
(G‘.Xonnazarov)