Eron Prezidenti Trampga murojaat qildi: Biz tiz cho‘kmadik (+video)
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida nutq so‘zlagan Eron Prezidenti AQSH va Isroilni begunoh aholiga noqonuniy zarba berishda aybladi. Shundan so‘ng AQSH delegatsiyasi zalni tark etdi. Nutqi yakunida Mas’ud Pezeshkiyon AQSH Prezidenti Donald Trampga murojaat qilib, “Ha, ular zarba berishdi, ammo biz tiz cho‘kmadik” dedi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Eron rahbari mamlakati terror tashkilotchisi emas, balki qurboni ekanini ta’kidlab, bir kun avval Eron Islom Respublikasini “yo‘q qilish” bilan tahdid qilgan Trampning bayonotiga javob qaytardi.
Nutqi boshida urushning birinchi kuni Minob shahridagi maktabga berilgan raketa zarbasi tufayli halok bo‘lgan bolalar suratini ko‘rsatdi. O‘sha hujumda 156 kishi hayotdan ko‘z yumganiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, ilk zarba qurboniga aylangan marhum Oyatullo Ali Humonaiy rasmini ham namoyish qilib, shu kuni AQSH tomonidan sport zaliga qilingan hujumni ham yodga oldi.
– AQSH Prezidenti bizni “terrorchilar” deb atadi, aslida esa terrorizm qurboni bo‘lganlar bizmiz, – dedi Pezeshkiyon.
U AQSH va Isroilni Eronning oddiy aholisi hamda fuqarolik infratuzilmasiga noqonuniy zarbalar berishda aybladi. Eron harbiy salohiyatini faqat o‘zini himoya qilish maqsadida rivojlantirayotgani, boshqa davlatlarga hujum qilish niyati yo‘qligini ta’kidladi. U so‘zlayotgan payt AQSH delegatsiyasi majlis zalini tark etdi.
Shuningdek, Pezeshkiyon Eron yadroviy dasturi atrofidagi nizoni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. Isroilga qarata esa shunday dedi:
– Atom bombasi Isroilda, lekin xalqaro inspektorlar negadir bunday qurolni Erondan qidiradi. Isroil odamlarni o‘ldiryapti, sanksiya esa Eronga qarshi qo‘llanyapti.
Prezident Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham to‘xtaldi:
– Mintaqadagi hech bir davlat yolg‘iz holda o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Yo birgalikda xavfsizlik tizimini barpo etamiz, yoki hammamiz beqaror sharoitda yashaymi.
Ma’ruzasi yakunida u bevosita Trampga murojaat qildi:
– Janob Tramp va Eronni qo‘rqitishga urinayotgan boshqalar tushunishi kerak: biz muloqot, diplomatiya va muzokaraga tayyormiz, ammo kuch ishlatish tilini qabul qilmaymiz. Ha, bizga zarbalar berildi, ammo tiz cho‘kmadik.
AQSH va Isroil vakillari Pezeshkiyonning nutqini keskin tanqid qilib, Eron Islom Respublikasi ikki yuzlamachilik bilan xalqaro hamjamiyat oldida o‘zini qurbon sifatida ko‘rsatishga urinayotganini bildirdi.
Bir kun avval Tramp ham xuddi shu minbardan turib “Eron bilan kelishuv tuziladimi... yo Islom Respublikasini yo‘q qilishimiz kerakmi?” degan savolni o‘rtaga tashlagan edi.
Binobarin, o‘sha nutqidan keyin Amerika yetakchisi jurnalistlarga AQSH va Eron vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgani, muloqot “juda yaxshi” kechganini aytdi.
Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oiy munosabatlar ahamiyatini inkor etib, fikr almashinuvi davomida “hech qanday yangi gap” aytilmaganiga urg‘u berdi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, (+video) O‘zA