Eron O‘zbekiston bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin
Eron futbol federatsiyasi qit’a chempionatiga tayyorgarlikni jiddiy olib borishga qaror qilgan.
Eron milliy terma jamoasi 2027-yilda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogiga qadar beshta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishni rejalashtirmoqda.
Eron futbol federatsiyasi qit’a chempionatiga tayyorgarlikni jiddiy olib borishga qaror qilgan. Federatsiya rahbari Mehdi Tojning ma’lum qilishicha, sentyabr-oktyabr oylaridagi FIFA kunlari doirasida terma jamoa uchta uchrashuv o‘tkazadi.
Ushbu bahslardan birida Eronning 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan Osiyo terma jamoasi bilan o‘ynashi kutilmoqda. Tojning so‘zlariga ko‘ra, ushbu raqib O‘zbekiston bo‘lishi ehtimoli yuqori.
“Birinchi FIFA kunlarida terma jamoa uchun uchta o‘yin tashkil etilgan. Raqiblardan biri Jahon chempionatida qatnashgan Osiyo jamoasi bo‘ladi. Katta ehtimol bilan bu O‘zbekiston. Ikkinchi raqib Rossiya terma jamoasi. Uchinchi uchrashuv uchun raqib hali to‘liq tasdiqlanmagan, ammo u Yevropa jamoasi bo‘ladi”, — dedi Toj.
Uning qayd etishicha, mazkur uchta uchrashuv turli mamlakatlarda o‘tkaziladi. Bahslarning biri Osiyoda, qolgan ikkitasi esa Yevropada tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Noyabr oyidagi FIFA kunlarida esa Eron terma jamoasi Iroqda o‘tkaziladigan turnirda ishtirok etadi va unda ikkita uchrashuv o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham Eron bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish borasida muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.