Eron AQSH va Isroil taslim bo‘lmaguncha kurashadimi? (+video)
AQSH prezidenti Oq uydagi chiqishida Eronni bombalash va vayron qilish bilan tahdid qildi. Bunga javoban Tehron harbiy harakatlarni yanada kuchaytirishi va dushmanlariga keng ko‘lamli hamda keskin zarbalar berishi mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar berdi Euronews.
Eron AQSH va Isroil taslim bo‘lmaguncha kurashni davom ettiradi. Bu haqda Eron markaziy qo‘mondonligi matbuot kotibi Ibrohim Zulfiqoriy ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Eron harbiy amaliyotlarni yanada kuchaytiradi va dushmanlariga kuchli zarbalar beradi.
Bu bayonot Trampning Oq uydagi nutqidan keyin yangradi. Unda Tramp AQSH hukumati maqsadlariga juda yaqinlashganini aytar ekan, agar Eron muzokara orqali kelishuvga ko‘nmasa, hujumlar yanada kuchayishini ma’lum qildi. Kuzatuvchilarning fikricha, Tramp o‘zining 20 daqiqalik nutqida so‘nggi haftalarda aytgan gaplarini takrorlagan xolos, yangi ma’lumotlar berilmagan.
Urush Hurmuz bo‘g‘ozining ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Eron qurolli kuchlari bu yo‘lni “dushmanlar” uchun yopiq tutishga va’da berdi. Tramp esa bu yo‘lning ochilishini urushni to‘xtatish sharti sifatida ko‘rsatmoqda.
Ko‘rfazdagi urush neft yetkazib berishga ta’sir qilmoqda va kemalar harakatini cheklamoqda. Bu haqda fikr bildirgan Britaniya tashqi ishlar vaziri Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish zarurligini ta’kidladi. Chunki, jahon neftining katta qismi aynan shu yerdan o‘tadi.
Tramp neft import qiluvchi davlatlarni bu yo‘lni birgalikda ochishga chaqirgan bo‘lsa ham uning chaqirig‘i kutilganidek aks sado bermadi. Xitoy TIV esa bu holat uchun aynan AQSH va Isroilni asosiy sababchi deb atadi.
Neft narxi keskin oshdi, yirik kompaniyalar aksiyalari esa tushib ketdi. Jahon banki rahbariyati bu urush inflyatsiya, ish o‘rinlari va oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir qilayotganidan xavotir bildirdi. Bu holat butun dunyoda sezilmoqda, masalan, Xitoyda aviakompaniyalar yoqilg‘i narxlarini oshirishini aytdi, Malayziyada davlat xodimlaridan uyda turib ishlash so‘ralgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FyLYsuRhGw0" title="Eron AQSH va Isroil taslim bo‘lmaguncha kurashadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA