Eron AQSH va Isroil hujumi oqibati haqida yangi ma’lumot berdi
Eron AQSH va Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni bo‘yicha ma’lumotni yangiladi. Xususan, marhumlar shaxsini aniqlash jarayonidagi murakkablik ham ochiqlandi.
Eron sud-tibbiyot ekspertiza tashkiloti rahbari Abbos Masjodiy ma’lum qilishicha, mamlakat hududida AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan harbiy harakat mislsiz darajada qurbonlar keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida Eron bo‘ylab 3000 dan ko‘p odam halok bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha, dastlabki bosqichda marhumlarning qariyb 40 foizining shaxsini aniqlash qiyin kechgan. Ya’ni, ayrim holatlar ekspertiza uchun juda murakkab manzara kasb etgan. Shunga qaramasdan, sud-tibbiy mutaxassislar va laboratoriya imkoniyati to‘liq safarbar qilinib, barcha marhumlarni tanishga erishilgan. Ularning jasadi dafn marosimi uchun oilalariga topshirilgan.
Masjodiy mazkur jarayon tizimli ravishda olib borilgani, o‘ta qiyin vaziyatlarga ham ekspertiza orqali aniqlik kiritilganini ta’kidlagan. To‘plangan ma’lumot Eron rasmiy idoralari tomonidan e’lon qilingan so‘nggi raqamlar sifatida taqdim etilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA