Erkinlik degani uchun qonga botirilgan el
Dunyoda hech bir xalq o‘z-o‘zidan erkin va farovon hayot kechirmagani tarixdan ma’lum. Buning yaqqol dalili deyarli har bir mamlakat yoki xalqning ozodlik kuni, mustaqillik bayrami borligidir.
Ne’matlar ichida ozodlik, hurlikdek ko‘zga to‘tiyo qilinadigani kam. Chunki ozod bo‘lmagan xalq tarix sahnasida yashab qolishi dargumon. Ozod bo‘lmay turib, o‘z maqsad-muddaosiga yetish, hatto erkin sajdaga bosh qo‘yish ham mahol.
Shu ma’noda, xalq ozodligi uchun kurashganlar asl qahramonlardir. Xalq toki mavjud ekan, milliy qahramonlarini hech qachon unutmaydi.
Misol uchun, sobiq Chor Rossiyasi bosqiniga qarshi kurashgan va bu yo‘lda jon fido qilgan Nosirxon To‘ra, Ibrohim Cho‘qaboy o‘g‘li (Ibrohim Laqay) nomi mana asr oshsa hamki xalq ichra yashab keladi. Vaholanki, ular haqida kitoblarda kam yozilgan, ularning har kuni ko‘zimiz tushadigan haykali ham yo‘q.
Bolsheviklar yurtimizga bostirib kelganida mana shu bobolarimiz ayni navqiron yoshda bo‘lishgan. Ular Turkiston muxtoriyati tuzilishida faol ishtirok etgan. Ularning asl maqsadi mustaqil Turkiston davlatini barpo etish bo‘lgan.
Ammo bu ezgu maqsad bolsheviklar tomonidan 72 kunda qonga botirilgan. Ozodlik uchun kurashga bel bog‘lagan o‘n minglab yigitlar qirib tashlangan. Hatto beshikdagi bolalar ham omon qolmagan...
Bu voqeani O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktori, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov so‘zlab berdi.
- Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida tarixiy haqiqat va adolat tiklandi, - deydi Baxtiyor Hasanov. – Aytib o‘tish kerakki, mustaqillik yillarida milliy ma’naviyatimiz, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, dinu diyonatimizni xalqimizga qaytarish bo‘yicha juda katta buyuk ishlar amalga oshirildi. Ko‘plab jadidchi bobolarimiz, mashhur shaxslar nomlari oqlandi. Lekin bir vaqtlar o‘z yurti ozodligi uchun kurashgan, biroq bosqinchilar tomonidan “bosmachi” tamg‘asi bosilgan ko‘pchilik bobolarimizning nomlari hali oqlanmagan edi. Holbuki, ular yurt ozodligi uchun kurashgan, bugun biz bayram qilayotgan Mustaqillik uchun jonlarini fido qilgan asl qahramonlardir.
Bunday qahramonlarning nomini oqlash, xotirasini abadiylashtirish ishlari 2017 yil 31 avgust - Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qatog‘on qurbonlari muzeyiga tashrifidan keyin kuchaydi.
Chunki ushbu tashrif davomida Prezidentimiz muzey zallarini aylanarkan, “bu muzey – muzeylarning muzeyi”, deb e’tirof etdi. Vatan ravnaqi, yurt ozodligi uchun jon fido qilganlar faqat Toshkentda emas, balki hududlarda ham bo‘lganini ta’kidlab, ularning ham xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shundan so‘ng viloyatlar markazlarida mavjud universitet va institutlar bazasida 14 ta qatag‘on qurbonlarini yod etish muzeyi tashkil etildi.
2020 yil 8 oktyabrda davlatimiz rahbarining Qatag‘on qurbonlari xotirasi va merosini yanada chuqur o‘rganishga doir farmoyishlaridan keyin qatag‘on davri bo‘yicha shug‘ullanuvchi olimlar katta kuch bilan ushbu ishga bel bog‘ladi. Respublika bo‘yicha va joylarda ishchi guruhlar tuzildi. Shu maqsadda tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borildi.
Professor Baxtiyor Hasanovning aytishicha, izlanishlar natijasida Oliy sudga 28 ish (delo) berilgan. Keyinchalik ularning soni ko‘payib, 115 taga yetdi.
“Delo”lardan o‘z davrining yetuk ulamosi, namanganlik Nosirxon To‘ra Kamolxon To‘ra o‘g‘li hamda u bilan birga yuzga yaqin odam 1939 yil 8 iyunda otuvga hukm qilingani anglashiladi.
Aynan shunday shaxslarga oid ish yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ko‘rib chiqilganida birdaniga 92 shaxsni oqlash haqida hukm chiqarildi. Bu shaxslar Vatan ravnaqi, yurt ozodligi uchun jon fido qilgan bobolarimizdir.
Bu bobolarimiz ichida Ibrohim Cho‘qaboy o‘g‘li (Ibrohim Laqay taxallusi bilan mashhur bo‘lgan) bo‘lib, uni Sharq Nopolyooni, deb atashgan va butun dunyo tanigan. Ularning maqsadi butun O‘rta Osiyoni zulm va zo‘rovonlikdan qutqarishga qaratilgan bo‘lganini eshitishning o‘ziyoq ular qalbida Vatan ishqi naqadar yuksak bo‘lganini anglatadi. Yovga bosh egmay kurashgan bu qahramonlarimiz biz uchun jasorat sabog‘idir!
Ming afsuski, shu zaminda yashab o‘tgan bir necha avlodga o‘sha milliy qahramonlarimiz “bosmachi”, deb ko‘rsatib kelingan. Zotan, bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi shu zaminda tug‘ilib o‘sgan, o‘z yerini himoya qilgan odam qanday bosmachi bo‘lsin, deb inkor qila oladi.
Bu aslida oddiy oqlov emas, tarixiy adolat tiklanishi. Endi nomlari oqlangan qahramonlarimiz nafaqat Xotira kitoblaridan joy oladi, balki ularning hayot yo‘li, jasoratlari o‘rganilib, bu haqda asarlar yaratiladi.
Ular qatori Madaminbek, Mulla Ergash kabi jasoratli bobolarimiz haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lamiz. O‘sha vaqtlarda eng aqlli, eng sara o‘g‘il-qizlar Germaniyada tahsil olgani va ular keyinchalik bitta-bitta yo‘q qilingani haqida eshitganmiz. Lekin ular kimlar, nega o‘ldirildi?
Olimlarning izlanishlari natijasi ularning soni hujjatlarda qayd etilganidek 70 nafar emas, balki 100 dan ziyod ekani ma’lum bo‘ldi. Bugun oqlanayotganlar ichida ular ham bor.
Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. Shuning uchun ham har bir xalq o‘z tarixini o‘qib-o‘rganish, noaniq xotiralarni tiklash uchun kurshishi kerak.
Oqlanayotgan bobolarimiz haqida eshitgan ziyolilar ularning ruhi shod bo‘layotgani, avlodlarining ko‘ngli ko‘tarilayotganini e’tirof etayotgan bo‘lsa, ayrimlarda o‘tib ketganlarni oqlashdan nima foyda, degan savollar ham tug‘ilmoqda.
Bunga javoban, Baxtiyor Hasanov oqlov milliy qahramonlar hayotini chuqur o‘rganish, ular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish uchun zarurligini aytdi. Chunki ularga oid ma’lumotlar maxfiy arxivlarda saqlanadi. Oqlovga erishilmaguncha ulardan foydalanish mumkin emas.
Lekin eng go‘zal haqiqat shuki, mustaqillik uchun kurashgan qahramonlar nomini oqlash, tiklash va abadiylashtirish bugungi avlodning muqaddas burchi!
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu ezgu ishlar buning amaliy ifodasi bo‘lish bilan birga, katta ibrat maktabi bo‘lib qolajak.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA