“Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” aniqlandi
Yurtimizda xotin-qizlar muammolarini “xonadonbay” va “fuqarobay” o‘rganish, ularni hal etishda ko‘maklashish, ayollarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari muhim o‘rin tutadi.
Ana shunday faollarni rag‘batlantirish, tajribasini ommalashtirish maqsadida Yangiyer shahrida “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” Respublika tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bellashuvda ishtirokchilar mahallalarda amalga oshirgan ishlari, aholi muammolarini hal etishdagi tashabbuslari va faoliyat samaradorligi asosida baholandi.
Natijalarga ko‘ra, Davlatobod mahallasi xotin-qizlar faoli Shoira Elmurodova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uning aholi turli qatlamlari bilan samarali ish yuritishi, shuningdek “Ayollar daftari” tizimi doirasida amalga oshirgan tashabbuslari yuqori baholandi.
G‘olib endi Sirdaryo viloyati bosqichida Yangiyer sharafini himoya qiladi. Tadbir yakunida xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda faollik ko‘rsatgan boshqa ishtirokchilar ham diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri