Eng yaxshi maktabga 250 million so‘m pul mukofoti berildi
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan umumta’lim maktablari bitiruvchilari maktabni kamida ikkita chet tilini bilgan holda tamomlashlari bo‘yicha tashabbus ilgari surilmoqda.
[gallery-11970]
Prezidentimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, ana shu yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish maqsadida “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining tuman, shahar bosqichlarida viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari jamoalari ishtirok etdi. Tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 ta maktab jamoasi tanlovning viloyat bosqichida belgilangan to‘rt shart - ifodali o‘qish, tinglab tushunish, leksik grammatik bilimlar darajasi va yozish shartlari asosida g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon shahridagi 24-umumta’lim maktabi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Tanlovda 2- o‘ringa Oltinko‘l tumanidagi 1- umumta’lim, 3- o‘ringa esa Shahrixon tumanidagi 44-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi jamoalari sazovor bo‘ldi. Tanlov nizomiga asosan, g‘oliblarga egallagan o‘rinlari ketma-ketligida 250, 200 va 150 million so‘m miqdorida pul mukofotlari ajratiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov O‘zA