Eng yaxshi kitobxonlar aniqlandi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida kursantlar o‘rtasida “Eng yaxshi yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlovda akademiyaning 50 nafardan ortiq kursantlari 3 ta shart bo‘yicha bellashdilar.
Tanlovni Akademiya boshlig‘i Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib, yoshlarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish bugunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.

Kitob aqlni charxlaydigan, insonni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan bebaho vositalardan biri ekani, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning badiiy adabiyotga qiziqishini oshirish maqsadida muntazam ravishda turli tadbirlar, davra suhbatlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar va tanlovlar o‘tkazilib kelinayotgani e’tirof etildi.

Tanlov doirasida 200 tadan ortiq kitoblar jamlanmasi Akademiya axborot-resurs markaziga sovg‘a qilindi.
Ko‘rik-tanlov hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, 2-batalon kursanti Jon-Muhammad Ahadov birinchi o‘rinni egallab, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni esa Shohjahon Nurullayev egallagan bo‘lsa, faxrli uchinchi o‘rin Fazliddin Adilovga nasib etdi.

Tanlovda Jon-Muhammad Ahadov Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida o‘tkaziladigan “Eng yaxshi yosh kitobxon” ko‘rik-tanloviga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Yakunda g‘olib va sovrindorlar hamda faol qatnashgan iqtidorli kursantlar diplom, kitoblar to‘plami va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA