Eng yaxshi hamshira aniqlandi
Andijon davlat tibbiyot instituti simulyatsiya va attestatsiya markazida “Hamshira – 2026” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot tizimi rivojini, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini, shifokorlarning, ayniqsa, o‘rta tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Ayni kunda viloyatdagi tibbiyot muassasalarida 35 ming nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat olib bormoqda. Ularning kasbiy malakasini yuksaltirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yil hamshirasi” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichida tanlovning tuman, shahar va tarmoq bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamshiralar ishtirok etib, belgilangan shartlar asosida o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Ishtirokchilarning chiqishlari viloyat sog‘liqni saqlash tizimi vakillari hamda Andijon davlat tibbiyot institutining malakali shifokor va mutaxassislaridan iborat nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 1-oilaviy poliklinika hamshirasi Xolidaxon Usmonova birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
[gallery-28763]
Tanlovda Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi markaziy poliklinikasi hamshirasi Mubinaxon Orziqulova ikkinchi, Andijon shahar tibbiyot birlashmasi 1-oilaviy poliklinika hamshirasi Mubinaxon Fozilova uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
– Tanlovda g‘oliba bo‘lish menga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Xolidaxon Usmonova. – Ushbu muvaffaqiyat nafaqat mening, balki men mehnat qilayotgan jamoaning erishgan yutug‘idir. G‘oliblik meni xalqimiz salomatligini muhofaza qilish yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilishga undaydi, menga kuch va ishonch bag‘ishlaydi. Endi tanlovning mamlakat bosqichida ham g‘oliblar qatorida bo‘lishga harakat qilaman.
G‘olib, sovrindor va tanlovning barcha ishtirokchilari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),O‘zA muxbirlari.