Eng yaxshi ekspert-kriminalistlar aniqlandi
Ichki ishlar vazirligining “Eng namunali ekspert-kriminalistika jamoasi” hamda “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” Respublika ko‘rik-tanlovida hududiy saralash bosqichidan o‘tgan 16 ta jamoa va 32 nafar ekspert-kriminalistlar o‘zaro bellashdi.
Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi yuqori saviyada, qizg‘in va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Bunda ekspertlarning ziyrakligi, zukkoligi, jinoyatlarni fosh etishdagi ilmiy-texnik salohiyati bo‘yicha sinovlar qabul qilindi.
Ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad soha xodimlarining xizmatga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirish, kasbiy tayyorgarlik sifatini oshirish, munosib ekspert-kriminalist xodimlar orasidan eng yaxshilarini aniqlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tanlov ishtirokchilari belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli uddalab, bor bilim, kasbiy ko‘nikma va mahoratlarini namoyon etdi.
Natijalarga ko‘ra, IIV Akademiyasi kriminalistik ekspertizalar kafedrasi jamoasi “Eng namunali ekspert-kriminalistika jamoasi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
Ikkinchi o‘rinni Toshkent viloyati IIBB ekspert-kriminalistika markazi jamoasi hamda uchinchi o‘rinni Xorazm viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi egalladi.
“Eng yaxshi ekspert-kriminalist” nominatsiyasi bo‘yicha Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar IIB ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti kapitan Tohirjon Ibrohimov g‘olib, deb topildi.
Ikkinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati Termiz shahar IIB ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti katta leytenant Islom Norbekov va Sirdaryo viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti mayor Zafar Arziqulov egalladi.
Samarqand viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti podpolkovnik Azamat Abbosov, Andijon viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti kapitan Mirjalol Madaminov va Buxoro viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti podpolkovnik Jahongir Sharipovlar uchinchi o‘rin sohiblari bo‘ldi.
O‘tkazilgan ko‘rik-tanlov, shaxsiy va jamoaviy birinchiliklar ekspert-kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, professional kasb mahoratiga ega bo‘lgan iste’dodli kriminalistlarni aniqlashga imkoniyat yaratdi.
Shu bilan birga, tanlov istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishga hamda soha xodimlarining o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqat, g‘urur va iftixor kabi his-tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA