«Eng ulug‘, eng aziz» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Nukusda mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bӯldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilari ijodiy uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, «Qaraqalpaqfilm» kinostudiyasi davlat korxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda istiqlol yillarida erishilgan ulkan yutuqlarni keng ommaga yetkazishda mehnat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirishda mazkur tanlov muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tanlovda shoir va yozuvchilar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlarining, shuningdek, musavvirlar, xalq amaliy san’ati vakillari, kino ijodkorlar hamda fotosuratchi va dizaynerlarning «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.
Mazkur tanlovning nufuzi yildan yilga oshmoqda. Buni unga ishtirok etuvchi ijodkorlar safidan ham ko‘rish mumkin. Tashkiliy qo‘mitaga taqdim etilgan ustoz va yosh ijodkorlarning eng sara ijodiy ishlari shaffoflik asosida ko‘rib chiqilib, eng munosiblari tanlandi. Ishtirokchilar boy tariximiz, xalqimizning urf-odatlari, milliy qadriyatlarini badiiy va fotoasarlar, dizaynerlik ishlari hamda tasviriy san’at asarlari orqali ko‘rsatib berdi.
Nufuzli tanlovda har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
[gallery-3644]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA