Eng munosiblar g‘olib bo‘ldi
Urganchda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Urganchda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, chet el investitsiyalarini jalb etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda hunarmandlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Xorazm viloyatida ayni paytda 10 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti, 5 ming 666 fermer xo‘jaligi, besh yuzga yaqin hunarmand faoliyat yuritmoqda. Ularning viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi tobora ortib bormoqda.
Urganch shahridagi “Urganch Baxmal” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Ahmedov “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, Bog‘ot tumanidagi “Bog‘ot” fermer xo‘jaligi rahbari Sharifboy Rajabov “Yilning eng yaxshi fermeri”, Yangiariq tumanidan koshinchi usta Allanazar Sa’dullaev “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyalarida birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Mamlakatimizda hunarmandlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – deydi “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi g‘olibi A.Sa’dullaev. – Koshinlarni bundan ming yil oldin ajdodlarimiz qanday yasagan bo‘lsa, biz ham xuddi shu usulda tayyorlaymiz. Umrboqiy naqshlar bilan bezatilgan koshinlar bugungi kunda ham shaharlarimizdagi yangi imoratlarga ko‘rk bag‘ishlamoqda. Ayni paytda mahsulotlarimizni AQSh va Yevropa mamlakatlariga eksport qilmoqdamiz.
Tanlovda “Yoshlarga yangi ish joylari yaratgan eng yaxshi tadbirkor”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Mening yurtim – mening iftixorim”, “Eng namunali soliq to‘lovchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.