Eng munosiblar g‘olib bo‘ldi
Jizzaxda “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida “Kamolot-tur” VIII yoshlar velomarafonining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Jizzaxda “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida “Kamolot-tur” VIII yoshlar velomarafonining viloyat bosqichi o‘tkazildi.Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan an’anaviy marafon yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sportga keng jalb etishga xizmat qilmoqda.
– 2008-yilda o‘tkazilgan ilk marafonda viloyat bo‘yicha 108 nafar yosh ishtirok etgan edi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Jizzax viloyati kengashi matbuot xizmati rahbari Shahzod Tursunov. – Joriy yilda uning shahar va tuman bosqichlarida 1000 ga yaqin yosh qatnashdi. G‘oliblar 10 kilometrlik masofada o‘tkazilgan viloyat bosqichida o‘zaro bahslashdi.
Marafonda turli yosh toifasida birinchi o‘rinni egallagan yoshlar mamlakat bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, tadbirda "Eng yosh poygachi”, "Faxriy velopoygachi”, "Eng mahoratli texnik velopoygachi”, "Eng irodali velopoygachi”, "Eng mahoratli velopoygachi qiz” va "Velopoygachilar oilasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.