Eng kuchli velosportchilar saralanmoqda
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida O‘zbekiston velosport federatsiyasi tomonidan erkaklar, ayollar, yoshlar, qizlar, o‘smirlar va o‘smir-qizlar o‘rtasida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha “Asaka bank” kubogi boshlandi.
Musobaqada respublikamizning turli hududlaridan kelgan 150 dan ziyod velosportchi ishtirok etmoqda.
Turnirning birinchi kunida ishtirokchilar 25 kilometr masofaga shaxsiy poygada o‘zaro raqobatlashdi. Unda Asal Rizayeva o‘smir-qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Anna Kuskova qizlar orasida tengsiz ekanini yana bir bor isbotladi. Yanina Kuskova esa ayollar toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Shuningdek, Farrux Bobosherov o‘smirlar, Kamron Mirzarahimov yoshlar, Murodjon Xolmuratov erkaklar o‘rtasida marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA