Eng kuchli jamoalar respublika bosqichiga yo‘l oldi
Navoiy shahridagi “Yoshlar” sport majmuasida futbol va mini-futbol bo‘yicha an’anaviy “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi final uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Elbek Urunov, Sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Murtozayev hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Laziz Qayumov ishtirok etib, ishtirokchilarga omad tilashdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ommaviy sportni yanada rivojlantirish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jismoniy tarbiyaga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Final bahslari keskin va murosasiz ruhda kechdi. Jamoalar respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun bor mahorat va imkoniyatlarini ishga soldilar.
Musobaqa yakuniga ko‘ra mini-futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida Xatirchi tumani jamoasi Zarafshon shahri vakillarini 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Erkaklar o‘rtasidagi mini-futbol bahsida Navbahor tumanining Qiziloy mahallasi jamoasi G‘ozg‘on shahrining Tumar mahallasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Futbol bahsida esa Xatirchi tumanining Novja mahallasi jamoasi Zarafshon shahrining Quruvchi mahallasi vakillarini 1:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan jamoalar respublika bosqichida Navoiy viloyati sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa so‘nggida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari