Eng faol targ‘ibotchilar aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” Respublika tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish lozim, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi 1204 ta umumta’lim maktabida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan e’lon qilingan “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” Respublika tanlovi esa o‘quvchilar qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, ijodiy to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kitobxonlik muhitini yaxshilash, adabiyot va san’atga ixlosmand o‘quvchilar ijod namunalarini keng targ‘ib etishda faollik ko‘rsatgan eng yaxshi targ‘ibotchilarni aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan.
[gallery-6908]
Tanlovning tuman, shahar bosqichlarida umumta’lim maktablarining 800 nafarga yaqin ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari ishtirok etdi. Ular tomonidan tegishli hakamlar hay’atiga faoliyati aks etgan hujjatlar, albomlar, IT-mahsulotlar to‘plami taqdim qilindi. Faoliyati yuqori baholangan 28 ishtirokchi esa tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tanlovning viloyat bosqichida ishtirokchilar o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qilish samaradorligi, ijod maktablari bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish, faoliyatning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi, shaxsiy ijodiy yutuqlari, she’riy, nasriy yoki publitsistik asarlari to‘plam holida nashr etilgani va boshqa shu kabi kabi mezonlar asosida baholab borildi.
Hakamlar xulosasiga ko‘ra, 1-o‘rin Koson tumanilik Jobir Ismatillayev hamda Kasbi tumanilik Nigora Tog‘ayevaga nasib etdi. Endi ular tanlovning Respublika bosqichida Qashqadaryo viloyati sharafini himoya qilishadi. Shuningdek, tanlovda 2-, 3 va o‘rinlar va turli nominatsiyalar sohiblari ham aniqlandi.
Tanlovda g‘olib deb topilgan targ‘ibotchilar maktabiga 5 million (1-o‘ringa), 4 million (2-o‘ringa), 3 million (3-o‘ringa) so‘mlik kitoblar jamlanmasi topshirildi. Shuningdek, ular bir lavozim maoshi miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Jamshid NORQOBILOV (surat),O‘zA