“Eng faol ijtimoiy xodim” tanlovi g‘oliblari
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 3-fevraldagi “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq mazkur tanlovning viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Tanlovning saralash bosqichida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 51 nafar ijtimoiy xodim o‘z bilim va kasbiy salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Ular orasida Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” internat-uyida faoliyat yuritayotgan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ham ishtirok etdi. Bu esa tanlovning ijtimoiy ahamiyati keng qamrovli ekanligini yana bir bor namoyon qildi.

Nizom talablariga muvofiq, ishtirokchilarning kasbiy bilimlari, hayotiy vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalari hamda inson bilan muloqot madaniyati bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazildi. Tanlov jarayonlarida har bir nomzodning amaliy tajribasi va mas’uliyat hissiga alohida e’tibor qaratildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mirzaobod tumani Tinchlik mahallasining ijtimoiy xodimi Sabohat Xoliqova birinchi o‘rinni egallab, tanlov g‘olibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Guliston shahar Buyuk kelajak mahallasi ijtimoiy xodimi Mohinur Orzuqulovaga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa mahallasi ijtimoiy xodimi Murodbek Turg‘unboyev qo‘lga kiritdi.

Tanlov nizomiga muvofiq, g‘olib va sovrindorlar bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan pul mukofotlari bilan taqdirlandi: 1-o‘rin — 5 barobar, 2-o‘rin — 3 barobar, 3-o‘rin — 2 barobar miqdorida.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ijtimoiy xodim bu inson dardini tinglash, og‘ir vaziyatda qolgan fuqaroga ko‘mak berish va jamiyatda inson qadrini ta’minlashdek yuksak mas’uliyatni zimmasiga olgan fidoyi shaxsdir.
G‘ulom Primov, O‘zA