Eng abjir chavondozlar Samarqandda bellashadi
Termiz tumanidagi “Otchapar” majmuasida uloq-ko‘pkari musobaqasining Surxondaryo viloyati saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan bellashuvda tumanlarda o‘tkazilgan musobaqa g‘oliblari o‘z mahoratini namoyish etdi.
Prezidentimizning joriy yil 5 avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi Otchopar majmuasining 64,6 gektar hududida Qorabayir otlari mahorat maktabi tashkil etilgan. Bu yerda yosh chavondozlarni tarbiyalash, milliy ot sporti musobaqalarini o‘tkazish, Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish va milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini dunyoga keng tarannum etish uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotir.

Mamlakatimizda ommaviylashib borayotgan uloq-ko‘pkari musobaqasining viloyat saralash bosqichida ikki yuzdan ortiq eng mohir chavondoz milliy ot sporti o‘yinining “ot poygasi”, “jamoaviy ko‘pkari” hamda “olomon uloq-ko‘pkari” turlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Ko‘pkarida uloqni uchqur otlar taloto‘pidan mohirlik bilan ajratib olib, keng maydonga olib chiqqan eng epchil, chapdast chavondozlar muxlislar olqishiga sazovar bo‘ldi. Zero, ko‘pkari, halollik, mardlik, dovyuraklik, abjirlik kabi yuksak fazilatlarni mujassam etgan milliy o‘yindir. Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan ajdodlarimizning ana shunday yuksak jihatlarini yosh avlod qalbiga yanada chuqur singdirish uchun voha tumanlarida ham Qorabayir zotli otlardan foydalanishga ixtisoslashgan seksiya va ot sporti klublari tashkil etilmoqda. Yuqori malakali trenerlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilayotir. Ot sporti bo‘yicha mahalla, tuman va viloyat musobaqalari o‘tkazilib, eng abjir chavondozlar munosib rag‘batlantirilmoqda.

Musobaqa doirasida shuningdek, “O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” viloyat yosh chavondozlari bellashuvi o‘tkazildi. Arqon tortish, tosh ko‘tarish, kamondan otish kabi milliy o‘yinlar musobaqasi ham tomoshabinlarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.
Ot ustida murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lgan musobaqaning olomon ko‘pkari yo‘nalishida uloq ayirgan eng abjir chavondozlar turli qimmatbaho sovrinlarga egalik qildi. Otlar poygasida Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Abdurashid Vorisov "Bars" laqabli Qorabayir oti bilan 1-o‘rinni egalladi. Jamoaviy ko‘pkari bahsida ham Milliy gvardiya chavandozlari boshqa mahalliy jamoalardan ustun keldi.
G‘oliblar qimmabaho sovrin va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular joriy yilning 17 dekabr kuni Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston chempionatida qatnashadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA