Energiya xavfsizligi yo‘lidagi keng ko‘lamli ishlar
Energiya resurslarini aholiga uzluksiz, xavfsiz va sifatli yetkazib berish bugun davlat siyosatidagi eng muhim vazifalardan biriga aylangan. Mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika sohasini modernizatsiya qilish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, tabiiy gaz ta’minoti tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda energiya resurslaridan oqilona foydalanish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu ezgu maqsadlar faqat yangi quvurlar qurish bilan cheklanmay, mavjud infratuzilmani tubdan yangilash, xavfsizlikni mustahkamlash va aholiga qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Ana shu keng qamrovli ishlar doirasida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Gaz tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, eski quvurlarni yangilash, gaz maromlash qurilmalarini zamonaviy uskunalarga almashtirish, texnik ko‘rik va profilaktik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish orqali tizimning ishonchliligi yanada mustahkamlanmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish nafaqat infratuzilmani yangilash, balki avariyaviy holatlarning oldini olish, bosim barqarorligini ta’minlash va iste’molchilarga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois manzilli dastur asosida joriy yilda viloyat bo‘ylab 130 kilometr gaz quvurini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Hozirga qadar ushbu rejaning qariyb 86 kilometrida qurilish va ta’mirlash ishlari muvaffaqiyatli bajarildi.
Ayniqsa, Peshku tumanining “Obidxo‘ja” mahallasida diametri 159 millimetr bo‘lgan magistral gaz quvurida olib borilayotgan mukammal ta’mirlash ishlari diqqatga sazovor. Bu yerda qariyb 3 kilometr gaz quvuri to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning texnik holati zamonaviy talablar darajasiga keltirilmoqda.
Buxoro shahrining “Yangiobod” mahallasi orqali o‘tuvchi 2 kilometrdan ortiq gaz quvurida ham keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari boshlangan. Soha mutaxassislari belgilangan rejalarni sifatli va qisqa muddatlarda bajarish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etmoqda.
Shuningdek, Buxoro tumanining “Rabotiqalmoq” mahallasidagi Sheyxon, Yangiobod va Dehxoji qishloqlarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi qariyb 5 kilometr gaz quvuri modernizatsiya qilinmoqda. Bu ishlar aholiga tabiiy gazni barqaror yetkazib berish, bosimning me’yorda bo‘lishini ta’minlash va favqulodda holatlar xavfini minimallashtirishga xizmat qiladi.
— Viloyatning G‘ijduvon tumanida bugunga qadar qariyb 16 kilometr gaz quvurlari mukammal ta’mirlandi. Shu bilan birga, 4 ta gaz maromlash qurilmasi yangilandi. Bu kabi modernizatsiya ishlari viloyatning barcha hududlarida izchil davom etmoqda, — deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Akmal Nasretdinov.
Bu kabi amaliy ishlar zamirida bir maqsad mujassam — inson manfaati. Yangilangan gaz tarmoqlari orqali tabiiy gaz ta’minotining ishonchliligi ortadi, tizimdagi yo‘qotishlar kamayadi, avariyaviy holatlar ehtimoli keskin pasayadi. Eng muhimi, 84 mingdan ortiq iste’molchining tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanib, ularning xavfsizligi ishonchli himoya qilinadi.
“Hududgaz Buxoro” filiali tomonidan amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari oddiy ta’mirlash emas, balki kelajakka qaratilgan strategik sarmoyadir. Bu loyihalar orqali gaz ta’minoti tizimi yanada mustahkam, xavfsiz va samarali tus olmoqda. Infratuzilmaning bosqichma-bosqich yangilanishi esa minglab xonadonlarda qish faslini xotirjam va farovon qarshi olish, aholi turmush sifati va hayot xavfsizligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA