Energiya tejamkorligi prokuratura nazoratida (+video)
So‘nggi yillarda yurtimizda yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish, ularni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish orqali bozor mexanizmlarini joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 1-2 may kunlari davlatimiz rahbarining Xorazmga tashrifi chog‘ida ham mazkur soha bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi.
Ayni kunlarda viloyatda energiya samarador qurilmalardan kengroq foydalanilishini ta’minlash, energiya resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, energiya resurslarining yo‘qotishlarini kamaytirish ishlari mahallabay usulida tashkil etilmoqda. Natijada viloyatda joriy yilning o‘tgan 4 oyida tabiiy gazdan yo‘qotishlar darajasi 58,5 mln. kub metrni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 1,5 foizga, elektr energiyasidan esa 0,9 foizga kamaygan.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan bu boradagi vazifalar ijrosi alohida nazoratga olingan bo‘lib, aholini yoqilg‘i va energiya resurslari bilan ta’minlash, bu borada talon-toroj qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, yoqilg‘i va energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat, tuman va shahar shtablari faoliyat yuritmoqda.
–Urganch shahri hududida energiya resurslarini tejash va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha barcha imkoniyatlardan foydalanilmoqda, –deydi Urganch shahar prokurori Mirza Vafoyev. – Xususan, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida shahrimiz aholisiga 89 million kub metr gaz yetkazib berilgan. Yo‘qotishlar 13 million kub metrni tashkil qildi. Ya’ni bizda ham yo‘qotishlar 1,5 foizga kamaydi. Elektr energiyasidagi yo‘qotishlar esa 7 million kilovattni tashkil etib, 4 foizga kamaygan. Shuningdek, elektr energiyasi va tabiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan olib borilgan reyd tadbirlari natijasida 169 ta holatda davlatga yetkazilgan 2,4 milliard so‘m zarar aybdor shaxslardan undirildi.
–Darhaqiqat, shahar bo‘yicha hozirda ham quyosh panellari, geliokollektor, reaktiv quvvatni kompensatsiya qiluvchi batareyalarni o‘rnatish, energiya auditlarini o‘tkazish va tabiy gazni iqtisod qilishda standart gaz yondirgichlarni almashtirish ishlari olib borilmoqda.
[gallery-23608]
Misol qilib aytadigan bo‘lsam, shahrimizning Yangi Ashxobod massivining gaz ta’minoti tizimi to‘liq avtomatlashgan tizimga o‘tkazildi, –deydi Urganch shahar gaz ta’minoti korxonasi boshlig‘i Quramboy Mametov. – Buning uchun 1129 ta xonadonda inventarizatsiya ishlari olib borildi. Ularning barchasi ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi. Qariyb 24 kilometr gaz quvurlari o‘rnatilib, natijada 260 ming kub metr gaz iqtisod qilinadi.
Quyosh panellari va suv isitish qurilmalaridan foydalanilganda elektr va issiqlik energiyasi tekinga olinadi. Bundan tashqari, ayni kunlarda yurtimizda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha qator qulayliklar, soliq imtiyozlari yaratildi. Quyosh panellari orqali elektr energiya ishlab chiqarilganda atrof-muhitga hech qanday zararli gazlar chiqmaydi. Eng asosiysi, quyosh panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan paytdan boshlab daromad olib kela boshlaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uJlAaqgCXhQ" title="Energiya tejamkorligi prokuratura nazoratida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Bunday qurilmalar binolarning tom qismida hamda bo‘sh yer maydonlarga o‘rnatilgani uchun ishlash jarayonida hech qanday shovqin bo‘lmaydi, – deydi “Bunyod yo‘lovchi tashish” korxonasi bosh muhandisi Alisher Karimov. – Zamonaviy vositalar binoni uzluksiz elektr energiyasi va issiq suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Zamonaviy avtobuslarimizni kechasi yuvib tozalaymiz, texnik xizmatlar ko‘rsatamiz. Bu jarayonda juda ko‘p elektr energiyasi sarflanadi. Shu sababdan binolarimizning tom qismiga 520 kilovatlik quyosh panellarini o‘rnatdik. Quyosh panellarimiz kun bo‘yi energiya to‘playdi va kechasi uzatadi. Sarflangandan qolgan elektr energiyasini sotamiz. Bu ham alohida bir daromad.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun viloyatda o‘rnatilgan quyosh paneli qurilmalaridan 46 MVt elektr va geliokollektorlardan 21 ming 2 ming litr issiqlik energiyasi olinmoqda. Prokuratura organlari esa yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha muntazam choralar ko‘rmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari