Energiya tejamkorligi: parlament nazorati kuchaytiriladi
Mamlakatimiz iqtisodiyotini energiya bilan barqaror ta’minlash, barcha sohalarda energiya tejamkorligi va samaradorligini uzluksiz oshirib borish, energiyaning qayta tiklanadigan turlarini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun bilan ushbu sohaning huquqiy asosi yanada mustahkamlandi. Energiya tejamkorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda parlament nazorati kuchaytirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish” DP, Ekologik partiya fraksiyalari hamda Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Energetika sohasidagi islohotlar va energiya tejamkorligining dolzarb masalalari” mavzusidagi davra suhbatida shular haqida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" Davlat dasturida 2025 yilda energiya ishlab chiqarish hajmini 120 milliard kVtga yetkazish, qayta tiklanuvchi manbalar ulushini oshirib, besh yil davomida bunday energiya generatsiyasi quvvatini 25,7 gigavattga yetkazish eng ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 2030 yilga qadar esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 40 foiziga yetkazish maqsad qilingan.

Davra suhbatida mazkur sohada amalga oshirilayotgan loyihalar va chora-tadbirlar, an’anaviy va yangi turdagi energiya ishlab chiqarish tizimlarining ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Mamlakatimizda qayta tiklanavchi energiya manbalarini keng miqyosda va samarali ishlatish, zarur hollarda ularni ta’mirlash uchun hududlar kesimida yaxlit tizimni yaratish, soha uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ham so‘z yuritildi.
M.Komilova,
O‘zA