Energetika tizimida shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifaga aylanmoqda
Mamlakatimizda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat idoralari faoliyatida adolat mezonlarini mustahkamlash muhim. Ayniqsa, bunda energetika kabi strategik ahamiyatga ega sohada halollik va mas’uliyat tamoyillarini kuchaytirish amaliy ahamiyatga ega.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent hududiy filialida korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan tadbirda shu haqda so‘z bordi.
Filial rahbariyati va mutaxassislar ishtirok etgan ushbu uchrashuvda korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan xavf-xatarlardan biri ekani qayd etildi.
Mas’ullar aytib o‘tganidek, energetika tizimida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borish nafaqat sohaning samaradorligini oshiradi, balki aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Har bir xodim o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashib, halollik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilgan taqdirda, tizimdagi barcha jarayonlar ochiq va samarali yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyat taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratadi.
Shuningdek, tadbirda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullar tomonidan sohada shaffoflikni ta’minlash, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida barcha xodimlarga o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarish, lavozim yo‘riqnomalarida belgilangan talablarni puxta bilish va ularga doimiy amal qilish zarurligi tushuntirildi.
Aytish kerakki, bunday tadbirlar energetika tizimida korrupsiyaga qarshi samarali immunitetni shakllantirish, shaffof va adolatli muhitni qaror toptirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA