Energetika sohasida aniq yechimlar taqdim etildi
Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada yaqin kelajakda respublikani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib, kelasi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatilishi va ushbu maqsadda 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinishini ta’kidlab o‘tdi.
Buning hisobiga ularning 60 foiz elektr va gaz iste’moli «yashil energiya»ga o‘tkaziladi, aholi xonadonlarida esa quyosh panellari o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobar ko‘paytiriladi.
Ta’kidlash joizki, bugun dunyoda jiddiy geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir sharoitda muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Zero, energiya va energiya resurslari har qanday mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan omillardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekistonning energetika tizimida energiya xavfsizligini ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlash borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan loyihalar soni tobora ortib bormoqda va hech biri davlat kafolatlari taqdim etilishini nazarda tutmaydi. Bu, o‘z navbatida, sohada davlat-xususiy sheriklik vujudga kelishiga ham imkoniyat yaratadi. Sarmoyadorlar kiritayotgan takliflar esa energetika bozorining yirik ishtirokchilarida mamlakatimizda ishlashga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini, buning uchun qulay investitsiyaviy muhit yuzaga kelayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
– Xalqimiz ham, tadbirkor va investorlar ham bizdan dolzarb masala bo‘lgan energetika sohasida aniq yechimlar kutayotgani sir emas, – dedi Prezident. Shuningdek, iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerakligi, bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkinligi e’tirof etildi.
Shu bois, so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilmoqda.
Xususan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiya 50 foizga ko‘payadi.
Kelasi uch yilda esa barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatiladi.
Umuman olganda, bugungi kunda mamlakat taraqqiyoti yo‘lida «yashil texnologiyalar»ni joriy etish aholining yashash sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, shahar va qishloqlardagi hayotni yanada qulaylashtiradi.
Avazbek XOLBEKOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti.
O‘zA