Endi qurilishlarda vaqt va mablag‘ tejaladi (+video)
Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Build Connect Forum 2026” forumi qurilish sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylandi.
Qariyb 500 nafar tadbirkor, investor, developer va mutaxassis ishtirok etgan anjumanda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiyalarni jalb qilish va shaharsozlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilish sohasi iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi. Agar 2016-yilda qurilish ishlari hajmi 30 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 314 trillion so‘mga yetdi. Shu davr mobaynida 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi va minglab yangi qurilish korxonalari tashkil etildi.
Bugungi kunda qurilish faqat binoni ko‘tarish emas, balki shaharsozlik siyosati, arxitektura, ekologiya va zamonaviy infratuzilmani uyg‘unlashtirishni talab qiladigan kompleks jarayonga aylandi. Yangi O‘zbekistonda qurilayotgan ob’ektlar shaharlarning madaniy qiyofasi, tarixiy xususiyatlari va zamonaviy talablarni hisobga olgan holda loyihalashtirilmoqda.
Forumda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toyir Alimatov sohani raqamlashtirish, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston Quruvchilar assotsiatsiyasi rahbari Mansur Niyozmuhammedov esa ochiq muloqot, tajriba almashish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish sohaning barqaror rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
— Bugun qurilish sohasi iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi, — deydi O‘zbekiston Quruvchilar assotsiatsiyasi rahbari Mansur Niyozmuhammedov. — Tabiiyki, bozor kengaygan sari raqobat ham kuchayadi. Shu nuqtai nazardan forumning asosiy maqsadi qurilish bozori ishtirokchilari o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, sohadagi mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimlarini birgalikda izlashdan iborat. Anjumanda qurilish industriyasining yetakchi kompaniyalari, tadbirkorlar, investorlar, developerlar, arxitektorlar va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Shuningdek, davlat idoralari vakillari ham qatnashyapti. Bu esa sohani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha fikr va takliflarni bir joyda muhokama qilish imkonini bermoqda.
Eng muhim vazifalardan biri — investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va biznes uchun yanada qulay muhit yaratishdir. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qurilish jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish ham dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar aynan shu maqsadlarga qaratilgan. Bu platforma tajriba va g‘oyalar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, investitsiya loyihalarini muhokama qilish hamda zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish imkonini beradi. Eng muhimi, soha vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni bevosita muhokama qilib, amaliy yechimlar topish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, sohada muammolar ham yo‘q emas. Xususan, qurilishga ruxsat olish jarayonlarining murakkabligi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar va hujjatlarni kelishish muddatlarining cho‘zilishi tadbirkorlarning asosiy e’tirozlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Joriy yil aprel oyida Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu masalalar atroflicha tahlil qilindi. Yig‘ilishda qurilish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, raqamlashtirishni kengaytirish, inson omilini kamaytirish va xizmatlarni onlayn shaklga o‘tkazish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
— Ushbu o‘zgarishlar sohadagi ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirib, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirdi, — deydi China House kompaniyasi rahbari Vohidjon Mirzayev. — Shuningdek, qurilish texnikasini import qilishdagi boj to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqish, yer ajratish va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Urbanizatsiya darajasining o‘sishi iqtisodiy rivojlanishga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois qurilish sohasini tizimli isloh qilish, shaharsozlik talablarini takomillashtirish va tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Forumda bildirilgan taklif va tashabbuslar qurilish sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholi uchun zamonaviy va qulay yashash muhitini yaratish hamda shaharlar qiyofasini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda qurilish sohasi uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Urbanizatsiya jarayonlari jadallashmoqda, aholining zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda. Bu esa sohaning yanada rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi. Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik kuchaygani sari qurilish bozorida sifat, raqobat va investitsiyalar hajmi ham ortib boradi. Bunday forumlar sohaning barqaror rivojlanishi, yangi tashabbuslar va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xXeXDHD1AXY" title="Endi qurilishlarda vaqt va mablag‘ tejaladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Doniyor Yoqubov (video), O‘zA