Endi mahallaning o‘z kutubxonasi bo‘ladi
Bag‘dod tumanida 56 ta mahalla bor. Ammo kutubxona tuman markazida. Mamlakatimizda kitobxonlikka katta e’tibor berilayotgan shu pallada har bir mahallaning o‘z kutubxonasi bo‘lishi zaruratga aylandi. Va u endi hayotiy voqelikka aylanmoqda. Bag‘dod tumanidagi Samandarak mahallasida mo‘’jaz, ammo ko‘rkam bir kutubxona ochildi. U mahalla ahli, ayniqsa, yoshlar uchun quvonchli voqea edi. Shuning uchun tadbirda so‘zga chiqqanlar kutubxona qurilishi va ochilishi tashabbuskorlaridan minnatdor bo‘lib gapirdilar.
– Yil boshida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari mahallamizda bo‘lib, kutubxona tashkil etish taklifini kiritgan edi, – deydi Bag‘dod tumanidagi "Samandarak" MFY raisi Islomjon Ahmedov. – Keyinchalik markaz tomonidan 200 million so‘m pul ajratilib, mana shu mo‘’jaz kutubxona qurib bitkazildi. Kutubxonamizni tuman hokimligi zarur mebellari bilan jihozlab berdi. Hozir bu yerda 5 mingdan ziyod kitoblar mavjud.

Ha, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi xayrli ish boshladi. Bu Bag‘doddagi mahallalarda qurilgan birinchi kutubxona. Lekin endi mahalla ahli, u yerda yashovchi tadbirkorlar ham qarab turmoqchi emaslar. Biz ham o‘z kutubxonamizni quramiz, deydigan mahalla faollari ko‘payib qoldi.

Samandarak mahallasidagi maktab ham ancha ta’mirtalab holatda edi. Bu yil yangi o‘quv yilini 500 nafar bola mutlaqo qayta qurilgan yangi binolarda boshlashdi. Maktab mukammal ta’mirlandi, sinfxonalari, fan kabinetlari to‘liq jihozlandi. Endi tumanning anchayin olis mahallasidagi 27 maktab shahar maktablaridan hech bir jihatdan kam emas. Darvoqe, maktabda ham badiiy adabiyotlarga boy kutubxona mavjud. Shunday qilib, Bag‘dodning Samandarak mahallasi yoshlari uchun ilm olish, izlanish, kitobga oshno bo‘lish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.


<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yWPWUy9REyQ" title="Endi mahallaning o`z kutubxonasi bo`ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA