Endi hokimlar Kengashlarga raislik qilmaydi
Mahalliy Kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi, muddatidan oldin lavozimdan ozod qilinishi mumkinligi qonun bilan belgilanyapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Quyi palataning bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasida hokimlar nomzodi Kengashlarda ko‘rib chiqilayotganda ular hududni rivojlantirish dasturini mahalliy Kengashlarga taqdim etishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, hokimlarning mahalliy Kengash deputatlari orasidan tayinlanishi va tasdiqlanishi haqidagi talab bekor qilinib, ularning deputat etib saylanishi mumkinligi aks etyapti.

Fraksiya a’zolarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga, joylarda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga va hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
M.Komilova, O‘zA