Endi g‘ulomtepaliklarning ham o‘z tibbiyot punkti bor
Buxoro viloyati Shofirkon tumani “G‘ulomtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini tuman markazidan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bugunga kelib hududdagi xonadonlar 532 taga, oila soni esa 870 taga yetgan bo‘lib, ularda istiqomat qilayotgan aholi 3 ming nafardan ortgan. Aholining asosiy tirikchilik manbai esa dehqonchilik va chorvachilikdir.
Hudud infratuzilmasi yaxshilanib, aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘i barqaror izga tushib borayotgan bir sharoitda g‘ulomtepaliklar sog‘liklarini tekshirtirish, tibbiy muolaja olish uchun shu kunga qadar tuman markaziga qatnashga majbur edi.
Endilikda bu qishloq ahliga ham tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lish imkoniyati yaratildi. Mahallaga shifo uchun moslashtirilgan va tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan konteyner keltirib o‘rnatildi. 45-sonli “Talisafed” oilaviy poliklinikasining filiali sifatida “G‘ulomtepa” mahalla tibbiyot punkti maskani barpo qilindi.
Olis hududda tibbiyot punktining ochilishida tuman hokimligi, tibbiyot birlashmasi mutasaddilari, mehnat faxriylari, mahalla faollari qatnashdi. Ayni paytda maskan zarur tibbiy vositalar bilan ta’minlangan bo‘lib, o‘nga yaqin shifokor va hamshiralar faoliyat olib bormoqda. Endilikda bu yerda zamonaviy uskunalar va laboratoriya jihozlaridan foydalanilmoqda.
Albatta, chekka hududda yangi mahalla tibbiyot punkti ish boshlashi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilab, odamlarning dardiga malham bo‘lish, mushkulini oson qilishga ko‘maklashadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari