Endi bizning ham o‘z uyimiz bor
“Inson qadri uchun” tamoyili bugun hukumat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Davlatimiz rahbari boshlab bergan bu tashabbus asosida qanchadan qancha qiynalgan xonadonlarga yordam qo‘li cho‘zilmoqda, yechimini kutib yotgan uzoq yillik muammolar hal etilmoqda, o‘ksik qalblarga quvonch ulashilmoqda.
Ramazon Hayiti munosabati bilan “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ va tashabbuskor “Ozod Ibrat Kapital Qurilish” xususiy korxonasi tomonidan Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida kam ta’minlangan va nogironligi mavjud 31 ta oilalarga yangi xonadonlar hadya qilindi.
Fuqarolarga tumanning Mustaqillik mahallasida qurilgan ko‘p-qavatli uylardan zamonaviy 23 ta xonadon va Qorako‘l mahallasi Mash’al massivida 8 ta 2 sotixli namunali hovli berildi.
Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov ishtirok etib, xonadon kalitlarini o‘z egalariga tantanali topshirdi. Shuningdek, viloyat rahbari tashabbuskor homiylarning mehnatini alohida e’tirof etgan holda o‘z minnatdorchiligini bildirdi va munosib taqdirladi.
G‘uzor tumani Qorako‘l mahallasi Taxam qishlog‘ida yashovchi fuqaro Oyziyat opa Holliyeva 2012 yilda turmushidan ajrashgandan so‘ng ruhiy tushkunligi sabab 2-guruh nogironi bo‘lib qolgan. Yashashga boshpanasi bo‘lmagan Oyziyat opa ukasiga tegishli 1 xonali uyda 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yashab kelayotgan edi. Homiylar tomonidan berilgan uy-joy va boshqa ko‘rsatilgan yordamdan uning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmagan Oyziyat opa faqat shukrona keltirib, barchaga minnatdorchilik bildiradi.
[gallery-22604]
– Juda qiyin ahvolda yashardik, – deydi Oyziyat Holliyeva. – Yog‘ingarchilik paytlari tomimizdan tomchi o‘tardi. Ikki nafar o‘g‘lim hali voyaga yetmagan. O‘zim ikkinchi guruh nogironi bo‘lganim bois qo‘ltiqtayoqda yuraman. Bizga yangi xonadon ajratilgani haqida xabar kelganida, ochig‘i quvonchdan yig‘lab yubordim. Endi bizning ham o‘z uyimiz bor. Hayotimiz tubdan o‘zgardi. So‘ngan umidlarim qayta uyg‘ondi. Bu kabi xayrli ishning boshini tutganlardan bir umr minnatdorman. Biz kabi ehtiyojmand insonlarga e’tibor berib, g‘amxo‘rlik qilayotgan Yurtboshimizga tashakkur.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri